AQSh Prezidenti Donald Tramp muzokaralar masalasida Eronga ishonmasligini bildirib: «Eronga ishonadigan eng oxirgi odam menman. Ular menga doim yolg‘on gapirishdi» - dedi.
Donald Tramp Ogayo shtatidan Vashingtonga qaytishi chog‘ida jurnalistlarning kun tartibidagi masalalar yuzasidan savollariga javob berdi.
Tramp Eron muzokaralar davomida ularga bir necha bor «yolg‘on gapirganini» iddao qilgan holda bu jarayonda Tehronga ishonmasligini bildirdi.
AQSh Prezidenti mavzu haqida: «Men Eronga ishonmayman. Nima uchun Eronga ishongandek gapiryapsiz? Eronga ishonadigan eng oxirgi odam menman. Ular menga doim yolg‘on gapirishdi» - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘liq AQSh harbiy - dengiz kuchlari nazoratida ekanini ta’kidlab: «Hozir Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan to‘liq nazorat bizda. Nazorat ularda emas, to‘liq bizda. U yer bizniki» - deya ta’kidladi.
«Mendan boshqa samolyotda ketishimni so‘rashdi»
Shuningdek, Tramp o‘tgan oy NATO sammitidan so‘ng Turkiyadan jo‘nab ketayotganida Maxfiy xizmat «xavfsizlik xavotirlari» sababli undan boshqa samolyotdan foydalanishni so‘ragani haqidagi iddaolarni tasdiqladi.
Tramp bu boradagi savolga: «Bu butunlay Maxfiy xizmatga bog‘liq. Men faqat ular nima desa, shunga amal qilaman. Shuning uchun Maxfiy xizmat va harbiylarning ko‘rsatmalariga rioya qilaman. Mendan boshqa samolyotda ketishimni so‘rashdi, bu ham xavfsizlik nuqtayi nazaridan teng darajadagi variant edi» - deb javob berdi.
O‘ziga turli joylardan ko‘plab tahdidlar bo‘layotganini ifoda etgan Tramp: «Buni qilishimni so‘rashdi, men ham qildim. Ular nima desa, shuni qilaman. Menimcha, qandaydir tahdid bo‘lgan. Bu borada ko‘p savol bermadim. Menga juda ko‘p tahdidlar bo‘lyapti» - dedi.























