Yildiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik Kengashining “Yaqin Sharqdagi vaziyat” mavzusi doirasida Suriyadagi voqealarni muhokama qilish uchun o‘tkazilgan yig‘ilishida nutq so‘zladi.
“Ko‘p yillik shafqatsiz to‘qnashuvlardan so‘ng, 24-dekabrdan buyon Suriya xalqining ko‘rsatgan matonati bizga kelajakka umid bag‘ishlamoqda”, degan Yildiz, Suriya duch kelayotgan qiyinchiliklarning ko‘lamiga qaramay, to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanishda davom etayotganini bildirdi.
Yildiz mamlakatdagi vaziyatning izga tushishi yo‘lida qo‘yilgan quvonarli qadamlarga misol sifatida Xalq Majlisining to‘laqonli qonun chiqaruvchi organga aylanganini hamda majlis Asad davridagi terrorizm sudini tugatish haqidagi qonun loyihasini bir ovozdan ma’qullaganini keltirdi.
Shu bilan birga, Suriyada xavfsizlik muammolari davom etayotganiga e’tibor qaratgan Yildiz: “Suriya hukumatining DEASh terror tashkilotini uzil-kesil mag‘lub etish uchun xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ishlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini hamda global koalitsiya bilan hamkorlik orqali namoyon etayotgan qat’iyatini olqishlaymiz”, dedi.
Yildiz: “DEASh o‘z strategiyasini joylardagi yangi voqelikka moslashtirayotgan bir paytda, Suriya ushbu o‘zgarib borayotgan tahdidga qarshi tura oladigan kuchli va professional xavfsizlik tuzilmalariga muhtoj. Shu sababli bu tuzilmalarning salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro yordam davom etishi shart”, deya ta’kidladi.
“Isroilning o‘zboshimcha harakatlari to‘xtatilishi kerak”
Isroilning Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini muntazam ravishda buzishi mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlarga putur yetkazayotganini ta’kidlagan Yildiz: “Vaziyat, ayniqsa, Suriyaning janubida tashvishlidir. Bu yerda Isroilning davom etayotgan harbiy aralashuvlari, hududiy kengayishga qaratilgan harakatlari va urushlari nazoratdan chiqmoqda”, dedi.
Yildiz: “Bu o‘zboshimcha harakatlar to‘xtatilishi kerak. Isroil 1974-yilgi kelishuvga va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli qarorlariga, ayniqsa, 497-sonli qaroriga to‘liq rioya qilishi hamda Suriyaning bosib olingan Golan tepaliklaridan chiqib ketishi lozim”, deya ta’kidladi.
O‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlay oladigan, mintaqaviy tinchlik va iqtisodiy hamkorlikka hissa qo‘sha oladigan barqaror va suveren Suriya barcha tomonlarning, jumladan, Isroilning ham manfaatlariga xizmat qilishini bildirgan Yildiz shunday dedi:
“Turkiya Suriyaning suvereniteti, siyosiy birligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligini qat’iyat bilan davom ettirmoqda. Barqaror, xavfsiz va farovon Suriya uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlarimiz bilan ishlashda davom etamiz.”

























