TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Erdo‘g‘an: AQSh bilan strategik hamkorligimiz barcha sohalarda rivojlanmoqda
Prezident Erdo‘g‘an, Turkiya, Amerika bilan bo‘lgan strategik hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirayotganini ta’kidladi.
Erdo‘g‘an: AQSh bilan strategik hamkorligimiz barcha sohalarda rivojlanmoqda
_

Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an diplomatik munosabatlarning 100 - yilligiga yaqinlashayotgan bugungi kunlarda Amerika bilan strategik hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirayotganliklarini ta’kidladi.

Erdo‘g‘an Turk uyi (Türkevi) binosida bo‘lib o‘tgan Turkiya - AQSh Ishbilarmonlik kengashi yig‘ilishidagi nutqida uchrashuvni tashkil etgani uchun Amerika Savdo palatasi, ishbilarmonlik kengashlari hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashiga minnatdorchilik bildirdi.

O‘z so‘zida: «AQSh bilan strategik hamkorligimiz barcha sohalarda rivojlanmoqda. Siyosiy munosabatlarimizda erishgan uyg‘unligimizni iqtisodiy va savdo aloqalarimizga ham aks ettirishni istaymiz» - degan Erdo‘g‘an so‘zlarini quyidagicha davom ettirdi:

«Bugungi kunda Amerika suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) yetkazib beruvchilarimiz orasida birinchi o‘rinda. Shu tariqa Yevropada Amerika manbasini afzal ko‘radigan mamlakatlar qatorida yetakchi o‘rinlardan birini egallayapmiz. Ushbu hamkorlikni yadroviy energetikani ham o‘z ichiga olgan holda energiyaning barcha sohalariga yoyishni maqsad qilganmiz. Boshqa tomondan, Amerika bilan iqtisodiy munosabatlarimizni faqat savdo ko‘rsatkichlari orqali baholash to‘g‘ri emas. Global iqtisodiy tartib qayta shakllanayotgan bir davrda Turkiya bilan strategik iqtisodiy hamkorlik modeliga ehtiyoj bor degan fikrdamiz».

Energiya yo‘nalishlari qayta belgilanmoqda

Prezident Erdo‘g‘an mojarolar ortda qolishi bilan mintaqada beshta yirik o‘zgarish jarayoni jadal tus olishiga e’tibor qaratdi.

Ularning birinchisi ta’minot zanjirlarining qayta joylashuvi ekani, kompaniyalar endilikda nafaqat eng arzon balki eng ishonchli joyni izlayotganini ta’kidlagan Erdo‘g‘an, «Turkiya Yevropa ittifoqi bilan Bojxona ittifoqiga ega bo‘lgan keng erkin savdo tarmog‘iga ulangan kuchli sanoat infratuzilmasi bilan bu izlanishning tabiiy manzilidir» - dedi.

Erdo‘g‘an o‘z so‘zini quyidagicha davom etdi: «Ikkinchidan, energiya yo‘nalishlari qayta belgilanmoqda. Boku - Tbilisi - Jeyhandan TANAPgacha Turkiya uzluksiz energiya oqimi uchun eng ishonchli koridordir. Uchinchidan, savdo koridorlari o‘zgarmoqda. Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan O‘rta koridor hamda Fors ko‘rfazini Yevropa bilan bog‘laydigan Taraqqiyot yo‘li Turkiyada kesishadi. To‘rtinchidan, qayta qurish davri boshlanmoqda. Mintaqamizda yo‘llar, portlar, elektr stansiyalari, uy - joylar va zavodlar qayta barpo etiladi. Turkiyaning pudratchilik sektori murakkab geografik hududlarda ishlash tajribasi bilan ushbu jarayonning eng tayyor ishtirokchisidir. Beshinchidan, mudofaa va ilg‘or texnologiyalar. NATO standartlari asosida ishlab chiqarish olib borayotgan mudofaa sanoatimiz ittifoqchilarimizning ta’minot xavfsizligiga hissa qo‘shish imkonini beradigan salohiyatga erishdi. Mamlakatimiz ushbu transformatsiya imkoniyatlaridan foydalanishi uchun aprel oyida dunyodagi eng raqobatbardosh investitsiya paketlaridan birini hayotga tatbiq etdik. Vashington va Nyu - Yorkdagi Investitsiya va moliya ofislarimiz bosh bo‘lish bilan birga xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz sizlarga har doim yordam berishga tayyor».

Erdo‘g‘an Turkiya - Amerika munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida ko‘rsatayotgan sa’y - harakatlari uchun ishbilarmonlarga minnatdorchilik bildirdi.