DUNYO
2 daqiqa o'qish
AQSh Saudiya Arabistoni va Quvaytga rejalashtirilgan qurol savdosini ma'qulladi
AQSh Davlat departamenti mazkur qurol savdosi mamlakat tashqi siyosati maqsadlariga xizmat qilishini hamda NATOga a'zo bo‘lmagan muhim ittifoqchilarining xavfsizligini mustahkamlashini bildirdi.
AQSh Saudiya Arabistoni va Quvaytga rejalashtirilgan qurol savdosini ma'qulladi
Saudiya Arabistoniga sotish bo‘yicha bosh pudratchi qarorgohi Nyu-Xempshir shtatining Nashua shahrida joylashgan BAE Systems kompaniyasi bo‘ladi. / AA Archive

AQSh Davlat departamenti Saudiya Arabistoniga 1,96 milliard dollar qiymatidagi qurol-yarog‘, shuningdek, alohida tartibda Quvaytga 484 million dollarlik texnik xizmat ko‘rsatish paketini sotishni ma’qullaganini e’lon qildi.

Saudiya Arabistoniga sotiladigan qurol-yarog‘lar

Saudiya Arabistoniga taklif etilayotgan harbiy paketga quyidagilar kiradi:

  • APKWS-II tizimi: 10 000 tagacha «havo-havo» va 10 000 tagacha «havo-yer» yo‘naltiruvchi bo‘limlari.

  • Yordamchi uskunalar: Ishga tushirish qurilmalari, jangovar qismlar (o‘q boshlari), raketa dvigatellari va detonatorlar.

  • Texnik qo‘llab-quvvatlash: Zaxira va ta’mirlash qismlari, texnik hujjatlar, o‘quv jihozlari hamda logistika xizmatlari.

Ushbu shartnomaning asosiy pudratchisi Nyu-Xempshir shtatining Nashua shahrida joylashgan BAE Systems kompaniyasi etib belgilandi. Davlat departamenti bayonotida ta’kidlanishicha, ayni damda ushbu bitim bilan bog‘liq hech qanday ofset (tovar ayirboshlash yoki kompensatsiya) kelishuvlari mavjud emas; ular xaridor va pudratchi o‘rtasidagi muzokaralar jarayonida hal etiladi.

Quvayt uchun harbiy xizmat paketi

Vashington Quvaytga C-17 samolyotlarini ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 484 million dollarlik xorijiy harbiy savdo bitimini ma’qulladi.

Departament bayonotida qayd etilishicha: "Ushbu taklif etilayotgan sotuv AQShning tashqi siyosati va milliy xavfsizlik maqsadlariga xizmat qiladi, chunki u Yaqin Sharqda siyosiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot garovi bo‘lgan, NATOga a’zo bo‘lmagan yirik ittifoqchining xavfsizligini mustahkamlaydi."

Quvayt paketidan quyidagilar o‘rin olgan:

  • Samolyot komponentlari, ehtiyot qismlar va aksessuarlar.

  • Modifikatsiya va yerda xizmat ko‘rsatish uskunalari.

  • Aloqa vositalari va dasturiy ta’minotni qo‘llab-quvvatlash.

  • Texnik hujjatlar, treninglar va logistika xizmatlari.

Davlat departamenti ushbu bitimlarning amalga oshirilishi AQShning mudofaa tayyorgarligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini va har ikki davlatga qo‘shimcha amerikalik harbiy vakillarni yuborishni talab qilmasligini qo‘shimcha qildi.