Turkiya Isroilning Somalidagi ajralib chiqqan hudud — Somalilandni mustaqil davlat sifatida tan olishini keskin qoralab, bu qadam mintaqaviy barqarorlikni izdan chiqaruvchi va huquqqa zid harakat ekanini bildirdi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi O‘nju Kecheli juma kuni bergan bayonotida shunday dedi: “Isroilning Somaliland mintaqasining mustaqilligini tan olgani haqidagi bayonoti (Isroil Bosh vaziri Binyamin) Netanyaxu hukumatining mintaqaviy va global miqyosda beqarorlik keltirib chiqarishga qaratilgan noqonuniy harakatlarining navbatdagi namunasidir.”
Kecheli Isroilning bu qadami davlatning kengayish siyosati hamda Falastin Davlatining xalqaro maydonda tan olinishini to‘sishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismi ekanini ta’kidladi.
U, Somali Federal Respublikasi va Somaliland mintaqasining kelajagiga oid qarorlar “barcha somaliliklarning irodasini” aks ettirgan holda qabul qilinishi lozimligini urg‘uladi.
Turkiyaning mazkur bayonoti Isroil juma kuni Somalilandni mustaqil va suveren davlat sifatida rasman tan olganini e’lon qilganidan so‘ng yangradi.
Netanyaxu bu qadam “Ibrohim kelishuvlari ruhi asosida” tashlanganini aytdi. Ibrohim kelishuvlari 2020 yilda Isroilning Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Sudan va Marokash bilan munosabatlarini normallashtirish maqsadida imzolangan edi.
Shuningdek, Netanyaxu Somaliland prezidentini Isroilga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Anqaraning Somali hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan Kecheli, Afrika shoxida tinchlik va xavfsizlikka ahamiyat beradigan Turkiya Somali xalqining yonida bo‘lib qolishini bildirdi.
Bundan tashqari, Misr ham juma kuni Somali, Misr, Turkiya va Jibuti tashqi ishlar vazirlari ushbu qarorni tanqid qilganini ma’lum qildi.
Misr Tashqi ishlar vazirligi Misr tashqi ishlar vaziri bilan somalilik, turk va jibutilik hamkasblari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng shunday bayonot berdi: “Vazirlar Isroilning Somaliland mintaqasini tan olishini to‘liq rad etishlarini va bu qadamni qoralashlarini tasdiqlab, Somalining birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.”
Somaliland 1991 yilda Somalidan mustaqilligini e’lon qilgan, biroq hozirgacha xalqaro tan olinishga erishmagan.
Somaliland amalda muxtor tuzilma sifatida faoliyat yuritsa-da, Somali ushbu hududni o‘z hududining ajralmas qismi deb biladi va bu mintaqa bilan har qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani suverenitet va milliy birlikning buzilishi sifatida baholaydi.

















