DUNYO
2 daqiqa o'qish
Kongo Demokratik Respublikasida ebola kasalligi avj olmoqda
Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra joriy yilning may oyidan beri ebola kasalligi bilan 6 ming 600 nafardan ortiq holat qayd etilgan, kasallikka chalinganlar orasida 3 ming 226 nafar bemor vafot etgan.
Kongo Demokratik Respublikasida ebola kasalligi avj olmoqda
_

JSSTning Afrika bo‘yicha vakolatxonasi tomonidan seshanba kuni kechqurun e’lon qilingan vaziyat hisobotiga ko‘ra virus Shimoliy Kivu provinsiyasidagi Kayna sog‘liqni saqlash hududiga tarqalishi bilan Kongo Demokratik Respublikasida Ebola kasalligidan ziyon ko‘rgan sog‘liqni saqlash hududlari soni olti provinsiyada jami 61 taga yetdi.

Hisobotga ko‘ra, epidemiya may oyining o‘rtalarida boshlanganidan beri kamida 6 686 ta holat qayd etilgan, ulardan 3 226 nafari vafot etgan.

JSST Bundibugyo virusi varianti keltirib chiqargan epidemiyaning epidemiologik kechishi tobora xilma - xil tus olayotgani, zararlangan provinsiyalar va sog‘liqni saqlash hududlarida virusning tarqalish tendensiyalari bir - biridan farq qilayotganini bildirdi.

Zararlangan provinsiyalar Haut - Uele, Ituri, Shimoliy Kivu, Janubiy Kivu, Bas - Uele va Tshopo ekani qayd etildi.

JSST, shuningdek, 31 - avgustdan 6 - sentabrgacha bo‘lgan davrda tasdiqlangan o‘lim darajasi ikki hafta avvalgi 56,6 foizdan 75 foizgacha oshganini ma’lum qildi.

Hisobotda o‘lim holatlarining yuqori darajada saqlanib qolishiga kasallikni aniqlash, xabar berish va bemorlarni davolash markazlariga yuborishdagi kechikishlar, kasallikni yetarlicha tanimaslik, transport va geografik qiyinchiliklar hamda aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ishonchi pastligi kabi turli to‘siqlar sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Kongo Demokratik Respublikasi hukumati va sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlari o‘tgan hafta virusning yuqish zanjirlarini uzishga qaratilgan, qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lgan qayta ko‘rib chiqilgan 180 kunlik ko‘p tarmoqli choralar rejasini amalga oshirishni boshladi.

Rejada epidemiologik kuzatuv, aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlash va kuzatish, jamoatchilik ishtiroki, xavf - xatarlar haqida axborot berish hamda logistika imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish, shuningdek, xavf ostidagi provinsiyalarda tayyorgarlik choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.