DUNYO
2 daqiqa o'qish
Eron uranni boyitish dasturiga har qanday cheklov qo‘yilishini rad etdi
Eron bo‘lajak muzokaralar oldidan AQSH va Isroilning uranni boyitish jarayoniga cheklovlar qo‘yish haqidagi talablarini rad etdi hamda yadroviy dasturi hech qanday cheklovlarsiz davom etishini bildirdi.
Eron uranni boyitish dasturiga har qanday cheklov qo‘yilishini rad etdi
Mohammad Eslami Xalqaro Atom Energiyasi Agentligi (IAEA) Bosh konferensiyasining Vena shahrida boʻlib oʻtgan ochilish marosimida nutq soʻzlamoqda, 2025-yil 15-sentabr (ARXIV FOTO). / Reuters
7 соат олдин

Eron atom energiyasi tashkiloti rahbari: "Uranni boyitishga cheklov qo‘yilmaydi"

Eron atom energiyasi tashkiloti rahbari Muhammad Islomiy mamlakatning uranni boyitish dasturiga hech qanday cheklov kiritilmasligini ma’lum qildi hamda AQSh va Isroilning bu boradagi talablarini "amalga oshmaydigan xomxayol" deb atadi.

Payshanba kuni Eronning ISNA axborot agentligi Muhammad Islomiydan iqtibos keltirgan holda shunday xabar berdi. Ushbu bayonot hafta oxirida Pokiston vositachiligida Eron va AQSh o‘rtasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan muzokaralar arafasida yangradi.

"Dushmanlarimizning Eron boyitish dasturini cheklash haqidagi da’vo va talablari shunchaki quruq istak bo‘lib, ular ko‘milib ketishga mahkumdir", — dedi Islomiy.

Uranni boyitish masalasi qariyb yigirma yildan buyon G‘arb va Eron munosabatlaridagi asosiy ziddiyat nuqtasi bo‘lib kelmoqda. AQSh va uning ittifoqchilari Tehronni yadro quroli yaratishga intilayotganlikda ayblab keladi, Eron esa o‘z navbatida yadro dasturi faqatgina tinchlik — fuqarolik maqsadlariga yo‘naltirilganini ta’kidlaydi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp urushdan keyin Eron "uranni boyitmasligi" haqida qat’iy pozitsiyani egalladi. U joriy mojarodan avval Eron yadro qurolini jadal sur’atlarda yaratishga urinayotganini iddao qilgan bo‘lsa-da, BMTning yadroviy nazorat organi (MAGATE) bu da’voni tasdiqlamadi.

Vashington va Tehron Eron yadro dasturini muhokama qilayotgan bir paytda — 28-fevral kuni amalga oshirilgan AQSh-Isroil zarbalari vaziyatni yanada keskinlashtirdi. O‘tgan yilning iyun oyidagi 12 kunlik urush davomida Isroil va AQSh Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berib, uning uranni boyitish salohiyatini yo‘q qilganini da’vo qilgan edi.

Shunga qaramay, mazkur hujumlardan keyin bir necha yuz kilogramm yuqori darajada boyitilgan uranning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ushbu zaxira portlash sodir bo‘lgan joydagi vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Donald Tramp esa ijtimoiy tarmoqdagi postida Eron va AQSh "chuqur ko‘milgan barcha" yadroviy materiallarni qazib olishi va olib chiqib ketishi mumkinligiga ishora qildi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilgi urushdan avval Eron uranni boyitish darajasini 60 foizga yetkazgan. Bu 2015-yilgi yadroviy kelishuvda belgilangan 3,67 foizlik cheklovdan ancha yuqori bo‘lib, atom bombasi uchun zarur bo‘lgan 90 foizlik ko‘rsatkichga ancha yaqindir.