DUNYO
2 daqiqa o'qish
Kim Putinga Rossiyani «qat’iy qo‘llab-quvvatlashga» va’da berdi
Kim hukumatining Moskva bilan hamkorlikni «kengaytirish va chuqurlashtirish» borasidagi qat’iyatini ham tasdiqladi.
Kim Putinga Rossiyani «qat’iy qo‘llab-quvvatlashga» va’da berdi
(ARXIV) Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Putinga yo‘llagan maktubida Rossiyani “qat’iy qo‘llab-quvvatlash”ga va’da berdi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga o‘z mamlakati Rossiyani qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Shimoliy Koreyaning rasmiy KCNA axborot agentligi xabariga ko‘ra, Kim mamlakat tashkil topganining 78 yilligi munosabati bilan Putin yo‘llagan tabrik maktubiga javob qaytardi.

Kim maktubida Shimoliy Koreya va Rossiya birdamligini mustahkamlab, «adolat va tinchlikni birgalikda himoya qilayotgani hamda buyuk ittifoq tarixiga yangi sahifa qo‘shishda davom etayotganini» bildirdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro yordam an’analariga to‘xtalgan Kim hukumatining Moskva bilan hamkorlikni «kengaytirish va chuqurlashtirish» borasidagi qat’iyati hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydigan darajada mustahkam ekanini ta’kidladi.

Kim maktubida: «Milliy xavfsizlik manfaatlari va xalqaro adolatni himoya qilish yo‘lidagi ushbu muqaddas urushda Rossiyaning g‘alaba qozonishiga qat’iy ishonaman. Sizga, aziz do‘stimga va qardosh rus xalqiga o‘zgarmas yordamimni va’da qilaman», degan ifodalarni qo‘lladi.

Yangi ittifoq shartnomasi

Kim Chen Inning 2023-yil sentabrda Rossiyaning Sharqiy Sibir hududiga qilgan tashrifi Pxenyan va Moskva munosabatlarida yangi davrning boshlanishi bo‘lgan edi.

To‘qqiz oy o‘tib, Rossiya rahbari Shimoliy Koreyaga rasmiy tashrif buyurdi va ikki mamlakat o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Putin shartnomaga ko‘ra, tomonlardan biri hujumga uchragan taqdirda, ikkinchi tomon unga harbiy yordam ko‘rsatishni o‘z zimmasiga olganini bildirgan edi.

Shimoliy Koreya rahbari Kim ham ushbu shartnomani «pakt» deb atab, munosabatlar «yuqori darajadagi ittifoq» bosqichiga ko‘tarilganini ta’kidlagan edi.