Hindistonning G‘arbiy Bengal shtatida kuchli yomg‘ir natijasida yuzaga kelgan yirik ko‘chkilar va ko‘prik qulashidan keyin halok bo‘lganlar soni 24 kishiga yetdi, deb ma’lum qildi rasmiylar.
G‘arbiy Bengal bosh vaziri Mamata Banerji shimoliy va janubiy Bengalning bir qancha hududlari kutilmaganda yog‘gan kuchli yomg‘ir tufayli suv ostida qolganini aytdi.
U X ijtimoiy tarmog‘ida shimoliy Bengalga tashrif buyurgan sayyohlarga murojaat qilib, “politsiyamiz ularni xavfsiz evakuatsiya qilguncha o‘z joylarida qolishlarini” tavsiya qildi.
Darjiling tumanidan parlament a’zosi Raju Bista ham ushbu hududda ko‘chkilar sodir bo‘lganini tasdiqlab, 24 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Bosh vazir Narendra Modi zarar ko‘rganlarga barcha “mumkin bo‘lgan yordam” ko‘rsatilishini aytdi.
“Darjilingda ko‘prik halokati tufayli odamlarning hayotdan ko‘z yumgani meni chuqur qayg‘uga soldi. Yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildiraman. Jarohat olganlar tezroq sog‘ayib ketishini tilayman. Kuchli yomg‘ir va ko‘chkilar sababli Darjiling va atrofdagi hududlardagi vaziyat diqqat bilan kuzatilmoqda,” deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.