Isroilning insonparvarlik yordami va boshpana qurish materiallari kirishini cheklovchi qamali ostidagi G‘azo sektorida 9 oylik chaqaloq sovuqdan muzlab, hayotdan ko‘z yumdi.
G‘azo sektorining janubidagi Xon Yunus shahrining Mavasi hududida 9 oylik Kenan Raqiq oilasi bilan yashayotgan chodirda qattiq sovuqqa chiday olmay vafot etdi.
Nosir shifoxonasi yaqinida o‘g‘lining jonsiz tanasini bag‘riga bosgan ota Ahmad Raqiq shunday dedi:
«Uyqudan uyg‘onib, o‘g‘limni shu ahvolda ko‘rdim. Uni Nosir shifoxonasiga olib keldim. O‘g‘lim sovuqdan muzlab vafot etdi».
Farzandidan ayrilgan ota: «Bizga Allohning o‘zi kifoya. U eng yaxshi vakildir», dedi.
Qish fasli boshlanishi bilan G‘azo sektorida kuchaygan sovuq havo va yog‘ingarchilik uylarini tark etishga majbur bo‘lgan hamda vaqtinchalik chodirlarda jon saqlayotgan falastinliklarning og‘ir ahvolini yanada murakkablashtirmoqda.
Isroil 2023-yil oktabr oyidan buyon hujumlarini davom ettirayotgan G‘azo sektorida binolarning 80 foizdan ortig‘i vayron bo‘lgan yoki jiddiy zarar ko‘rgan.
Turar joylarning aksariyati yashash uchun yaroqsiz holga kelgani sababli yuz minglab falastinliklar nochor chodirlar va vaqtinchalik boshpanalarda yashashga majbur bo‘lmoqda.
Dam olish kunlari G‘azoda kuzatilgan kuchli yomg‘irlar uylarini tark etishga majbur bo‘lgan falastinliklar yashayotgan ko‘plab chodirlarni suv ostida qoldirib, allaqachon og‘ir bo‘lgan yashash sharoitlarini yanada yomonlashtirdi.
Isroilning ko‘chma uylar, chodirlar, brezentlar va asosiy insonparvarlik yordami vositalarining G‘azoga kirishini cheklashi falastinliklarning sovuq havo va yog‘ingarchilikdan himoyalanishini yanada qiyinlashtirmoqda.























