DUNYO
3 daqiqa o'qish
Filippinga tezlik bilan oziq - ovqat yetkazib berish talab qilinmoqda
Filippinda 8 - iyun kuni 7,8 magnitudali yer silkinshi sodir bo‘ldi. Bu so‘nggi 50 yil ichida Filippin arxipelagiga zarba bergan eng kuchli yer silkinishlaridan biri sifatida qayd etilmoqda.
Filippinga tezlik bilan oziq - ovqat yetkazib berish talab qilinmoqda
_

Filippin janubida qayd etilgan kuchli yer silkinishidan ziyon ko‘rgan shaharcha meri, ko‘chki sababli tashqi dunyo bilan aloqasi uzilib qolgan ko‘plab qishloqqa ocharchilikning oldini olish maqsadida vertolyotlar orqali oziq - ovqat yetkazib berishga chaqirdi.

Dushanba kuni Filippin janubidagi Sarangani viloyati sohillari yaqinida dengizda 7,8 magnitudali yer silkinshi sodir bo‘ldi. Bu so‘nggi 50 yil ichida Filippin arxipelagiga zarba bergan eng kuchli yer silkinishlaridan biri sifatida qayd etilmoqda. Tabiiy ofat oqibatida kamida 47 kishi halok bo‘ldi, 688 kishi jarohatlandi va 31 kishi bedarak yo‘qoldi.

Falokat ortidan 45 ming nafardan ortiq inson o‘z uy - joylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Ularning qariyb yarmi vaqtinchalik boshpanalarda yashamoqda. Yer silkinishi dehqonchilik bilan kun kechiradigan shaharcha va shaharlar hududidagi 12 ming 600 dan ortiq uyga ziyon yetkazdi. Viloyat rasmiylari ko‘plab inson boshdan kechirgan ruhiy zarba tufayli uylariga qayta olmayotganini bildirdi.

Hukumatga qarashli Harbiy bo‘lmagan mudofaa boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra Sarangani viloyatida yer silkinishi oqibatida 20 kishi halok bo‘lgan. Bu holat, voqeadan ziyon ko‘rgan viloyatlar orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘limlarning ko‘pchiligi Glan qirg‘oq shaharchasida yuz bergan ko‘chki natijasida tuproq ostida qolgan uylar orasida qayd etilgan.

Glan shaharchasi hokimi Viktor Jeyms Yapning aytishicha, viloyatda elektr energiyasi hali ham tiklanmagan va 100 mingdan ortiq aholiga ega shaharchadagi 31 qishloqdan 10 tasiga avtomobil yo‘llari orqali yetib borishning imkoni yo‘q. Yap, hukumatdan, ziyon ko‘rgan hududlarga oziq - ovqat va boshqa yordamlarni yetkazish uchun zudlik bilan harbiy - havo kuchlari vertolyotlarini yuborishni so‘radi.

Yap DZMM radiotarmog‘iga bergan intervyusida: «Bizga oziq - ovqat va suv kerak ammo ayrim qishloqlarimizga ularni yetkazib berish juda murakkab. U yerdagi insonlar allaqachon qattiq och qolgan, shu sababli oziq - ovqat tashish uchun vertolyotlarga ehtiyoj bor», - dedi.

Elektr va mobil aloqa xizmatlari haligacha tiklanmagan

Yapning so‘zlariga ko‘ra shaharchaga olib boruvchi muhim yo‘llardan biri qayta ochilgan va payshanba kunidan boshlab yoqilg‘i yetkazib berish ishlari boshlanadi. Biroq shaharchada hamon elektr energiyasi va mobil aloqa xizmatlari mavjud emas.

Yer silkinishi oqibatidagi o‘limlarning ko‘pchiligi Sarangani viloyati, General Santos qirg‘oq shahri hamda Janubiy Kotabato va Davao Oksidental hududlarida qulagan binolar va ko‘chkilar natijasida tushgan vayronalar ostida qolish oqibatida yuz bergan.

Voqeadan ko‘p o‘tmay dengiz oqimi olib ketgan ikki nafar suzuvchi cho‘kib ketdi, yana bir kishi esa General Santos sohillari yaqinida bedarak yo‘qoldi. Mamlakat janubida dengiz sathidan 1,4 metr balandlikdagi to‘lqinlar qayd etildi. Kichikroq to‘lqinlar esa Indoneziya va Palauga, hatto Yaponiyaning janubiy hududlarigacha yetib bordi.

Mazkur yer silkinishi 1976 - yilning 17 - avgusti kuni sodir bo‘lgan, taxminan 8 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan 8,1 magnitudali yer silkinishi va tsunamidan buyon mamlakatda kuzatilgan eng kuchli yer silkinishlaridan biri bo‘ldi.

Filippin Tinch okeanini o‘rab turgan seysmik yoriqlar tizimi — «Tinch okeani olov halqasi» hududida joylashgani sababli tez - tez yer silkinishlari va vulqon otilishlariga duch keladi.