Eron parlamenti raisi va bosh muzokarachisi Muhammad Boqir Qolibof mamlakati «na urush, na tinchlik» holatida qolmasligini bildirib, Tehron AQSh bilan ham muzokaralarga, ham urushga tayyor ekanini ta’kidladi.
ISNA axborot agentligiga ko‘ra, Qolibof yakshanba kuni onlayn o‘tkazilgan parlament majlisining ochilishida so‘zga chiqib: «Amerikaliklar bizning yettita oqilona shartimizni qabul qilsa, kelishuvga erishish yo‘li ochiq qoladi», — dedi.
«Biroq amerikaliklar bu safar yana bir xatoga yo‘l qo‘ysa, jang maydonining geografik ko‘lamini ularning istak yoki niyatlari emas, Eron qurolli kuchlarining imkoniyatlari va qat’iyati belgilaydi», — deya ogohlantirdi Qolibof.
U mazkur yettita shart nimalardan iborat ekani yoki Eron qanday kelishuvni maqbul deb bilishi haqida batafsil ma’lumot bermadi.
Avvalgi xabarlarga ko‘ra, Eronning yettita sharti orasida AQShning dengiz qamalini bekor qilish, Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi savdo kemalari va neft tankerlarining xavfsiz qatnovini kafolatlash, bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish, Eron neft eksportini cheklovlardan ozod etish, muzlatilgan Eron aktivlarini bo‘shatish, Tehronga yadroviy materiallarini mamlakat ichida saqlashga ruxsat berish va urushni tugatish bor.
Qolibof bu bayonotlarni urush davrida, dushman o‘qi ostida qurilganini aytgan yangi raketa majmuasining taqdimoti chog‘ida bildirdi.
U mazkur majmua faqat texnik yoki mudofaa sohasidagi yutuq bilan cheklanmasligini, balki mintaqadagi strategik muvozanat o‘zgarishini ifodalashini aytdi.
Qolibof Eron Inqilob posbonlari korpusining havo kuchlarini olqishlab, ularning salohiyati Isroilga qarshi jiddiy kuch ekanini hamda eronliklar va Falastin ishini qo‘llab-quvvatlovchilarning ruhini ko‘tarayotganini ta’kidladi.
Parlament raisi AQSh moliya vaziri Skott Bessentning so‘nggi bayonotlarini tanqid qilib, ularni Vashingtonning Eron qudrati tufayli hafsalasi pir bo‘lganining dalili sifatida baholadi. Uning aytishicha, AQSh rasmiylari Eronni haqorat qilish o‘rniga, Ko‘rfazdagi strategik muvaffaqiyatsizliklari haqida o‘ylashi kerak.





















