Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan AQShning Eronga ehtimoliy hujumi “noto‘g‘ri” bo‘lishini ta’kidlab, Vashington va Tehronni kelishmovchiliklarni diplomatiya yo‘li bilan hal etishga chaqirdi.
Fidan chorshanba kuni Al Jazeera’ga bergan intervyusida Eron bilan keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda AQShning Yaqin Sharqqa harbiy kuchlar yuborayotganiga e’tibor qaratib, mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatini urg‘uladi va “urushni qayta boshlash noto‘g‘ri,” dedi.
Ikki davlat o‘rtasidagi keskin bayonotlarga qaramay, diplomatik yechim hali ham mumkin ekanini ta’kidlagan Fidan: “Eron yadroviy masala bo‘yicha qayta muzokaraga tayyor,” dedi.
Fidan AQSh rasmiylariga Eron bilan bog‘liq masalalarni bitta umumiy paket sifatida emas, balki bosqichma-bosqich ko‘rib chiqishni tavsiya etdi.
“Amerikalik do‘stlarga maslahatim — Eron bilan bog‘liq masalalarni bittadan yopishdir. Avval yadroviy masaladan boshlang, uni hal qiling, keyin boshqalariga o‘ting,” dedi u.
“Agar barcha mavzularni bitta paket holida taqdim etsangiz, bu eronlik do‘stlarimiz uchun buni qabul qilish, chindan ham anglash va amalda bajarish juda qiyin bo‘ladi,” degan Fidan, “ba’zan bu ularga kamsituvchi bo‘lib ham ko‘rinishi mumkin. Buni nafaqat o‘zlariga, balki rahbariyatga ham tushuntirish qiyin,” deya qo‘shimcha qildi.
Tashqi ishlar vaziri Fidan, shuningdek, Eron mintaqaviy tartibda “mukammal o‘rin” egallashi mumkinligini, biroq buning uchun qo‘shni davlatlar bilan ishonchni mustahkamlashi zarurligini aytdi.
“(Eronliklar) mintaqada ishonch uyg‘otishlari kerak,” dedi u va qo‘shimcha qildi: “Mintaqa davlatlari ularni qanday qabul qilayotganiga e’tibor berishlari zarur; chunki ular hech qayerga ketmaydi, biz ham hech qayerga ketmaymiz.”
Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Fidan, turli mafkuralar va mazhablarga qaramay, mintaqa davlatlari milliy davlat tizimi doirasida hamkorlik qilishga majbur ekanini ham ta’kidladi.






















