İstanbulda Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro strategik kommunikatsiya sammiti (STRATCOM 2026) doirasida, ushbu boshqarma bilan Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Boshqarma tomonidan joriy yilda beshinchi bor o'tkazilayotgan sammit doirasida, "Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi va Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi o'rtasida Turkiya – Ozarbayjon qo'shma media platformasi doirasida Qo'shma ishchi komissiyasi va qo'mitalarini tuzish to'g'risida"gi memorandum imzolandi. Hujjatga Kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Prof. dr. Burhanettin Duran va Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi rahbari Ahmad İsmoyilov imzo chekdilar.
Mazkur hujjat raqamli va ijtimoiy media, audiovizual media, strategik kommunikatsiya hamda inqirozni boshqarish sohalarida Turkiya va Ozarbayjon o'rtasidagi mavjud hamkorlikni rivojlantirishni ko'zda tutadi. Memorandumga ko'ra, tomonlar Turkiya – Ozarbayjon qo'shma media platformasi tarkibida Qo'shma ishchi komissiyasi va doimiy qo'mitalar tuzishga kelishib oldilar.
Turkiya – Ozarbayjon qo'shma media platformasi 2020-yil 10-dekabr kuni Prezident Rejep Tayyip Erdo’g'anning Ozarbayjonga tashrifi chog'ida imzolangan strategik hamkorlik to'g'risidagi hujjat asosida tashkil etilgan edi. Platforma ikki davlat OAVlari o'rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, jamoatchilikka to'g'ri ma'lumot yetkazishni ta'minlash va dezinformatsiyaga qarshi birgalikda kurashishni maqsad qilgan.










