TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Turkiya Qatar bilan harbiy kelishuv tafsilotlarini ma'lum qildi
Turkiya–Qatar mudofaa bitimi: askar yuborish majburiyati bormi?
Turkiya Qatar bilan harbiy kelishuv tafsilotlarini ma'lum qildi
MSB tarafından basın bilgilendirme toplantısı yapıldı / Anadolu Agency (Wire)

Turkiya Mudofaa vazirligi: Qatar bilan kelishuv hujum sodir bo‘lgan taqdirda avtomatik ravishda harbiy kuch yuborish majburiyatini yuklamaydi.

Turkiya Milliy mudofaa vazirligi Qatar bilan imzolangan Qo‘shma mudofaa kelishuvi, Malatyada halokatga uchragan vertolyot hamda Gruziyada qulagan harbiy samolyot yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Turkiya Milliy mudofaa vazirligida haftalik matbuot brifingi o‘tkazildi. Tadbir yakunida vazirlik vakillari jurnalistlarning Turkiya–Qatar o‘rtasidagi Qo‘shma mudofaa kelishuvi, 11-noyabr kuni Malatyada S-70 rusumli vertolyotning halokatga uchrashi hamda 2025-yil 11-noyabrda qulagan C-130 harbiy-transport samolyoti bo‘yicha savollariga javob qaytardi.

Turkiya–Qatar Qo‘shma mudofaa kelishuvi

Turkiya va Qatar o‘rtasida imzolangan Qo‘shma mudofaa kelishuvi yuzasidan berilgan savolga vazirlik quyidagicha izoh berdi:

“Turkiya va Qatar o‘rtasidagi Qo‘shma mudofaa kelishuvi ikki davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, mudofaa sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tiyib turish salohiyatini oshirish hamda mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

Kelishuv doirasida tomonlardan biriga tashqi qurolli hujum uyushtirilgan taqdirda ko‘rsatiladigan yordam tegishli tomonning ochiq murojaatiga asosan, BMT Nizomining 51-moddasi doirasida va o‘zaro kelishuv asosida belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, mazkur bitim har qanday hujum holatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy xizmatchilar yuborish bo‘yicha avtomatik majburiyatni keltirib chiqarmaydi.

Kelishuv ijrosiga oid siyosiy qarorlar ikki mamlakatning Tashqi ishlar va Mudofaa vazirlari yoki ular vakolat bergan vakillardan iborat Oliy strategik kengashda o‘zaro rozilik asosida qabul qilinadi.

Hozirgi vaqtda kelishuv doirasida shaxsiy tarkib, harbiy kuch yoki moliyaviy resurslar ajratish bo‘yicha majburiy qaror mavjud emas. Ehtimoliy qo‘shma tadbirlarning xarajat va chiqimlar taqsimoti Oliy strategik kengash tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, bitim qo‘shma ta’lim va harbiy mashg‘ulotlar, kadrlar almashinuvi, o‘zaro muvofiqlashuv, mudofaa sanoatida qo‘shma ishlab chiqarish hamda texnologiyalarni rivojlantirish yo‘nalishlaridagi mavjud hamkorlikni mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

Turkiyaning NATO doirasidagi huquq va majburiyatlari o‘z kuchida qoladi. Kelishuv kuchga kirgan kundan boshlab dastlabki 10 yillik davrdan so‘ng belgilangan shartlar asosida har besh yillik muddatlarga uzaytirib boriladi.

Mamlakatimiz Qatar bilan mudofaa hamkorligini milliy xavfsizlik ustuvorliklari, xalqaro huquq va o‘zaro manfaatlar asosida davom ettirib, mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishda davom etadi”.

Malatyada halokatga uchragan vertolyot bo‘yicha ma’lumot

11-noyabr kuni Malatyada S-70 rusumli vertolyot halokatga uchragani yuzasidan vazirlik quyidagilarni ma’lum qildi:

“11-noyabr kuni Malatyada S-70 rusumli vertolyotimiz hozircha aniqlanmagan sababga ko‘ra halokatga uchradi, bortda bo‘lgan 4 nafar qahramon quroldoshimiz halok bo‘ldi.

Halokat sabablarini aniqlash maqsadida tuzilgan ma’muriy tergov hay’ati va aviahalokatlarni o‘rganish guruhi voqea sodir bo‘lishi bilanoq hududga yetib borib, ish boshladi. Hodisa yuzasidan batafsil tekshiruv va surishtiruv ishlari davom etmoqda. Halokat sababi o‘rganishlar yakunlanganidan so‘ng ma’lum qilinadi.

Halok bo‘lgan harbiylarimizga yana bir bor Allohdan rahmat, ularning yaqinlariga, Turkiya Qurolli Kuchlari va xalqimizga hamdardlik hamda sabr tilaymiz”.

Gruziyada qulagan C-130 samolyoti bo’yicha tergov

2025-yil 11-noyabrda Gruziyada halokatga uchragan C-130 samolyotiga oid savolga quyidagicha javob berildi:

“2025-yil 11-noyabr kuni Gruziyada qulagan C-130 samolyotimiz halokati sabablarini aniqlash bo‘yicha texnik tekshiruv yakuniy bosqichga kirdi. Samolyotning asosiy ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Lockheed Martin kompaniyasi qo‘shimcha tahlil o‘tkazish maqsadida ayrim ehtiyot qismlarni taqdim etishni so‘radi. Kompaniya tekshiruvlari yakunlangach, halokat sabablari bo‘yicha yakuniy hisobot jamoatchilikka shaffof tarzda e’lon qilinadi.

Ushbu fojiali halokatda vafot etgan 20 nafar qahramon quroldoshimizga yana bir bor Allohdan rahmat, oila a’zolariga, Qurolli Kuchlarimiz va xalqimizga chuqur hamdardlik bildiramiz”.

Terrorizmga qarshi kurash natijalari

Turkiya Qurolli Kuchlari olib borayotgan amaliyotlar doirasida so‘nggi bir hafta ichida yana 3 nafar PKK terrorchisi taslim bo‘lgani ma’lum qilindi.

Davlat chegaralarida ko‘rilayotgan qat’iy choralar natijasida oxirgi bir haftada 475 nafar shaxs (ulardan 2 nafari terrorchilik tashkiloti a’zosi) qo‘lga olindi, 1 337 kishining esa chegarani noqonuniy kesib o‘tishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Shu tariqa, 1-yanvardan buyon chegaradan noqonuniy o‘tishga urinib qo‘lga olinganlar soni 16 321 nafarga, chegaradan qaytarilganlar soni esa 64 233 nafarga yetdi.