Xitoy dushanba kuni Pentagonning shu oy boshidagi qaroriga javoban 10 ta AQSh tashkilotiga nisbatan cheklovlar joriy etdi.
Xitoyning Xinhua axborot agentligi xabariga ko‘ra, Savdo vazirligi milliy xavfsizlikni himoya qilish hamda mamlakatning eksport nazorati to‘g‘risidagi qonuni va ikki maqsadli mahsulotlarni tartibga soluvchi me’yorlarga muvofiq, jumladan Aveox, Inc. ham kirgan 10 ta AQSh tashkilotini eksport nazorati ro‘yxatiga kiritdi.
Vazirlik bayonotida ushbu choralar xalqaro majburiyatlarni bajarish maqsadida qabul qilingani bildirildi.
Pekinning bu qadami Pentagonning “1260H ro‘yxati” deb ataladigan hujjatiga Alibaba Group, Baidu va avtomobil ishlab chiqaruvchi BYD kabi ko‘plab xitoylik texnologiya kompaniyalarini kiritganidan so‘ng amalga oshirildi. Pentagon ushbu kompaniyalarni Xitoy armiyasini qo‘llab-quvvatlaydi deb hisoblamoqda.
Yangi cheklovlarga ko‘ra, Xitoy eksportchilari Red Cat Holdings, Inc., Teal Drones, Inc., IMSAR, Jaia Robotics, Inc., Ball Aerospace & Technologies Corp., Oshkosh Defense, L3Harris Maritime Services, Inc., MP Materials Corp. va USA Rare Earth, Inc. kabi 10 ta AQSh tashkilotiga ikki maqsadli mahsulotlarni eksport qila olmaydi.
Shuningdek, qaysi davlat yoki hududda bo‘lishidan qat’i nazar, barcha tashkilot va jismoniy shaxslarga Xitoyda ishlab chiqarilgan ikki maqsadli mahsulotlarni mazkur tashkilotlarga yetkazib berish yoki o‘tkazish taqiqlanadi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, Xitoy Moliya vazirligi dushanba kuni davlat idoralariga davlat xaridlari dasturlari orqali AQShning 46 ta kompaniyasi ishlab chiqargan mahsulotlarni sotib olishni taqiqlovchi bildirishnoma e’lon qildi.
Yangi choralar doirasida davlat muassasalariga ro‘yxatdagi AQSh kompaniyalari, jumladan Lockheed Martin Corporation va Raytheon Missiles & Defense ishlab chiqargan mahsulotlarni xarid qilish taqiqlandi.

















