SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
BMT Bosh kotibi: Ikki davlatli yechim ko‘z o‘ngimizda yo‘q bo‘lib bormoqda
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Nyu-Yorkda o‘tayotgan Bosh Assambleyaning 81-sessiyasi doirasidagi yuqori darajadagi vazirlar yig‘ilishida bayonot berdi.
BMT Bosh kotibi: Ikki davlatli yechim ko‘z o‘ngimizda yo‘q bo‘lib bormoqda
Guterrishning ta’kidlashicha, mustaqil, demokratik, hududiy jihatdan tutash va suveren Falastin davlati uchun zarur shart-sharoitlar tizimli ravishda yemirilmoqda. (AA)

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish seshanba kuni Bosh Assambleyaning 81-sessiyasi doirasida tashkil etilgan yuqori darajadagi vazirlar uchrashuvida nutq so‘zladi.

U falastinliklar va Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishini istaydigan barcha tomonlar uchun ikki davlatli yechimni qo‘llab-quvvatlash quruq so‘zdan ko‘ra ko‘proq bo‘lishi kerakligidan ogohlantirdi. Guterrish bosib olingan Falastin hududlaridagi joriy vaziyat kelajakda yashab bo‘ladigan va barqaror Falastin davlatini barpo etish imkoniyatlarini tobora zaiflashtirayotganini aytdi.

BMT rahbarining ta’kidlashicha, bosib olingan G‘arbiy Sohilda noqonuniy isroillik posyolkalar qurilishi, amalga oshirilayotgan boshqa siyosatlar hamda ko‘chmanchilarning hujumlari oqibatida mustaqil, demokratik va suveren Falastin davlati uchun zarur sharoitlar tizimli ravishda yo‘q qilinmoqda.

U, ayniqsa, strategik ahamiyatga ega E1 hududida rejalashtirilayotgan qurilish ishlaridan jiddiy xavotir bildirdi va ushbu loyihalarning ilgari surilishi Falastin davlati imkoniyatiga o‘tkir zarba bo‘lishini qayd etdi.

Guterrish noqonuniy posyolkalarning kengayishi xalqaro huquqning buzilishi ekanligini aytib, barqaror tinchlik uchun 1967-yilgi chegaralar doirasida, Quddus shahri har ikki davlatning poytaxti bo‘lgan yechimdan boshqa muqobil yo‘qligini va vaqt tobora tugayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta ham so‘zga chiqib, xalqaro hamjihatlik so‘zdan amaliy ishga o‘tmayotganini tanqid qildi. Koshta o‘tgan yili 142 ta davlat Nyu-York deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlagani va BMT Xavfsizlik Kengashining 2803-sonli rezolyutsiyasi G‘azoga doir tinchlik rejasiga amaliy asos yaratganini eslatdi.

Biroq shunga qaramay, G‘azo va G‘arbiy Sohilda, jumladan, Sharqiy Quddusda vaziyat o‘tgan yilgiga nisbatan yaxshilanmagani, aksincha, ikki davlat yechimi kun sayin xavf ostida qolayotganini bildirdi.

U G‘azoga oid yo‘l xaritasini tezkorlik bilan amalga oshirish hamda Isroil bilan yonma-yon xavfsizlikda yashaydigan mustaqil Falastin davlatini barpo etish uchun kollektiv choralar ko‘rishni talab qildi.