Prezident Erdo‘g‘an Sudan Bosh vaziri Kamil Idrisni qabul qildi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Sudan Bosh vaziri Kamil Idrisni Anqaradagi Prezidentlik majmuasida qabul qildi. Bu haqda Turkiya Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi xabar berdi.
Boshqarmaning chorshanba kuni ma’lum qilishicha, uchrashuvda Turkiya va Sudan o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, mintaqaviy va global masalalar muhokama qilingan. Bu haqda Turkiyaning "NSosyal" ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ham bayonot berildi.
Muloqot chog‘ida Prezident Erdo‘g‘an ikki davlat joriy va istiqboldagi qo‘shma qadamlar orqali aloqalarni yanada rivojlantirishga intilayotganini hamda Turkiya Sudan suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Anqara Sudandagi ichki mojaroni bartaraf etish va hayot maromini tiklash yo‘lida bor kuchini safarbar etayotganini, Turkiya tinchlik o‘rnatish hamda keng qamrovli siyosiy jarayonni boshlashga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarni har tomonlama dastaklashini bildirdi.
Turkiya rahbari Sudan xalqining boshidan kechirayotgan qiyinchiliklarini yengillashtirishga qaratilgan gumanitar yordamlar hajmi ushbu o‘tish davrida yanada oshirilishini qayd etdi.
Uchrashuvda Turkiya tomonidan Vitse-prezident Jevdet Yilmaz, Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar, Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli hamda Kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Burhanettin Duran ishtirok etdi.


















