IQTISODIYOT
4 daqiqa o'qish
Yilmaz islom mamlakatlarini iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi
Jevdet Yilmaz Turkiya va IHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlab, o‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 118 milliard dollarga yetganini ma'lum qildi.
Yilmaz islom mamlakatlarini iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi
_

Turkiya vitse - prezidenti Jevdet Yilmaz islom mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yana - da chuqurlashtirishga chaqirib, ularning jahon savdosidagi ulushini oshirish uchun ishlab chiqarish sohasidagi sheriklikni kuchaytirish va investitsion hamkorlikni rivojlantirish ham - da logistika, o‘zaro bog‘liqlik va integratsiyani mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Yilmaz Anqarada Islom Savdo va taraqqiyot palatasi yig‘ilishlari doirasida tashkil etilgan tantanali kechki ovqat marosimida so‘zga chiqib: «Islom mamlakatlarining jahon iqtisodiyoti va savdosidagi ulushini oshirishimiz kerak. Bunga esa har bir mamlakatning alohida sa’y - harakatlari emas, balki birgalikdagi amaliy ishlar orqali erishiladi» — dedi.

Turkiya Savdo - sanoat palatalari va birjalari ittifoqi (TOBB) mezbonligida o‘tkazilgan tadbirda 20 ta islom mamlakatining savdo - sanoat palatalari vakillari ishtirok etdi.

Yilmazning ta’kidlashicha bugungi kunda jahon iqtisodiyoti geosiyosiy keskinliklar, proteksionizmning kuchayishi, ta’minot zanjirlaridagi o‘zgarishlar, moliyalashtirish cheklovlari, raqamlashtirish va «yashil» transformatsiya kabi muammolarga duch kelmoqda.

Uning qayd etishicha 57 a’zo davlatni birlashtirgan Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) dunyo aholisining qariyb beshdan bir qismini tashkil etsa - da, global tovar savdosining atigi 10 – 11 foiziga egalik qilmoqda. Bu esa tashkilot mamlakatlarida hali hanuz to‘liq ishga solinmagan ulkan salohiyat borligidan xabar beradi.

«Bu vaziyatni har birimiz alohida emas, balki birgalikdagi o‘zgartirishimiz mumkin. Shu bois ishlab chiqarishdagi sheriklikni kengaytirish, investitsiyalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, logistika, transport aloqalari va integratsiyani rivojlantirish zarur» — dedi Yilmaz.

Turkiyaning IHT mamlakatlari bilan bo‘lgan savdo hajmi 118 milliard dollarga yetdi

Yilmaz Turkiya IHT doirasidagi iqtisodiy va savdo hamkorligini rivojlantirishda yetakchi rol o‘ynayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra Turkiya iqtisodiyoti hajmi 2002 - yildagi 238 milliard dollardan 2025 - yilda 1,6 trillion dollardan oshdi. Shuningdek, o‘tgan yili mamlakatning tovar va xizmatlar eksporti 396 milliard dollarga yetgan bo‘lib, joriy yilda bu ko‘rsatkich 400 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Vitse - prezidentning ma’lum qilishicha Turkiyaning IHTga a’zo davlatlar bilan savdo hajmi o‘tgan yili 118 milliard dollarga yetgan. 2003 - yildan buyon IHT mamlakatlari Turkiyaga 27,3 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgan.

Shu davrda Turkiyaning IHT mamlakatlariga yo‘naltirgan to‘g‘ridan - to‘g‘ri investitsiyalari 15,2 milliard dollarni tashkil etganini qayd etgan Yilmaz, savdo aloqalarini yana - da mustahkam asosga qo‘yish uchun o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Yilmaz, shuningdek, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an raislik qilayotgan IHTning Iqtisodiy va tijorat hamkorligi bo‘yicha doimiy qo‘mitasi (COMCEC) faoliyatiga ham to‘xtalib, mazkur qo‘mita qirq yildan ortiq vaqt davomida islom mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo hamkorligini qo‘llab - quvvatlab kelayotganini bildirdi.

Uning aytishicha, COMCEC doirasida bugunga qadar 155 ta texnik ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkazilgan, 119 ta tadqiqot hisoboti tayyorlangan va 209 ta loyiha qo‘llab - quvvatlangan. Bundan tashqari, COMCECning Quddus dasturi doirasida Falastinda 38 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lsa, Suriya dasturi joriy yildan boshlab yo‘lga qo‘yiladi.

IHT ichki savdosi bo‘yicha maqsadga hali erishilmadi

Yilmazning ta’kidlashicha, islom mamlakatlari o‘zaro savdo ulushini 25 foizga yetkazish maqsadiga hali erisha olmagan.

«Aslida 25 foiz ham kam. Biz bundan - da yuqori natijalarni ko‘zlashimiz kerak. Bu yo‘lda ikki tomonlama aloqalar bilan bir qatorda qo‘limizdagi eng muhim vositalardan biri COMCECning asosiy loyihalaridan biri bo‘lgan Imtiyozli Savdo tizimidir», — dedi u.

Yilmaz savdo va investitsiya sohasidagi nizolarni adolatli ham - da mustaqil tarzda hal etish uchun Islom Hamkorlik Tashkiloti Arbitraj markazini yana - da kuchaytirish muhimligini ham ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra bugungi dunyo arzon ishlab chiqarish modelidan iqtisodiy jihatdan barqaror tizimlarga o‘tmoqda. Bu jarayon qo‘shni va do‘st mamlakatlar bilan aloqalarni yana - da muhim ahamiyat kasb etishiga sabab bo‘lmoqda.

«Ushbu muhim o‘zgarishlar davrida hamkorligimizni yana - da kuchaytirishimiz va yuzaga kelayotgan imkoniyatlarni o‘z foydamizga yo‘naltirishimiz kerak», — dedi Yilmaz.

Vitse - prezident Turkiya, ayniqsa, islomiy moliyalashtirish va ishtirok bankchiligi vositalari orqali investitsiya muhitini yaxshilash hamda Istanbul xalqaro moliya markazini yana - da rivojlantirish ustida ish olib borayotganini ham bildirdi.

Yilmaz TOBB bilan Saudiya Arabistoni Savdo - sanoat palatalari federatsiyasi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumini mamnuniyat bilan qarshi olganini bildirib, Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi iqtisodiy ham - da siyosiy munosabatlar ijobiy yo‘nalishda rivojlanayotganini o‘z so‘ziga ilova etdi.