AQSh Prezidenti Donald Tramp Jenevada seshanba kuni (17.02.2026) boshlanadigan Eron va AQSh o‘rtasidagi Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarga “bilvosita” tarzda qo‘shilishini va Tehron kelishuv tuzishni istayotganiga ishonchi komil ekanini bildirdi. U dushanba kuni Air Force One bortida jurnalistlarga: “Bu muzokaralarda bilvosita ishtirok etaman. Bu muzokaralar juda muhim bo‘ladi”, - dedi.
AQShning Yaqin Sharqqa ikkinchi aviatsiya tashuvchi kemani joylashtirishi bilan muzokaralar arafasida keskinlik ham ortmoqda.
AQSh rasmiylari Reutersga bergan bayonotida, agar muzokaralar natija bermagudek bo‘lsa unda AQSh armiyasi uzoq muddatli harbiy amaliyot ehtimoliga tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Kelishuv ehtimoli haqida so‘ralganida, Tramp, Eron qattiq savdolashishni xohlagani ammo o‘tgan yilning yoz mavsumida AQShning Eron yadroviy obyektlarini bombardimon qilishi bu kabi qat’iy pozitsiyaning oqibatlarini ko‘rsatganini ifoda etdi.
Tramp bu safar eronliklar muzokara uchun astoydil ekanini bildirgan holda: “Menimcha, ular kelishuvga erishmaslik oqibatlarini ko‘rishni istamaydi”, - dedi.
AQSh o‘tgan yilning iyun oyida Isroil bilan birga Eronning yadroviy obyektlariga qarshi hujum qilishdan oldin Eron – AQSh yadroviy muzokaralari Vashingtonning Tehrondan o‘z hududida uranni boyitish faoliyatidan voz kechishni talab qilgani sababli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. AQSh buni Eronning yadroviy qurolga erishish yo‘li deb hisoblagan.
Eronning harbiy bo‘lmagan mudofaa tashkiloti dushanba kuni (16.02.2026) mamlakat janubidagi Pars maxsus iqtisodiy energiya hududida ehtimoliy kimyoviy hodisalarga tayyorgarlikni kuchaytirish maqsadida kimyoviy mudofaa mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Bilvosita yadroviy diplomatiya
Eron bilan AQSh Isroilning Eronni ko‘zlagan hujumi va undan keyin yuz bergan 12 kunlik urush sabab muzokaralar to‘xtatilganidan taxminan sakkiz oy o‘tib, joriy yilning 6 - fevrali kuni Ummon vositachiligida Maskatda bilvosita yadroviy diplomatiyani qayta boshladi.
So‘nggi muzokaralar yakunida har ikki tomon baholashlarri ham ijobiy bo‘ldi. Muzokaralar Fors ko‘rfazi hududida AQShning harbiy kuchlarini ko‘paytirishi sabab kuchaygan keskinlik muhitida o‘tdi.
Uranni boyitish masalasi haligacha muzokaralardagi asosiy kelishmovchiliklardan biri sifatida qolmoqda. Eron yadroviy faoliyatini cheklash evaziga G‘arb iqtisodiy sanksiyalarining bekor qilinishini talab qilmoqda.
AQSh esa Eron boyitishni to‘liq to‘xtatishi va yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini chet elga chiqarishini istamoqda.
Vashington muzokaralar doirasini Eronning ballistik raketa dasturi va mintaqadagi qurolli guruhlarga ko‘rsatayotgan yordamini ham qamrab oladigan tarzda kengaytirishni xohlaydi. Tehron esa bir necha bor faqat yadroviy dastur bo‘yicha muzokara olib borishini ta’kidlagan.



