TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turk Qizil Yarim Oy jamiyati insonparvarlik yordami ko‘rsatishda dunyoda yetakchi o'rinda
Erdo'g'an Turk Qizil Yarim Oy jamiyati mintaqaga hozirgacha 26 ming tonnadan ortiq gumanitar yordam yetkazib berganini ma'lum qildi.
Turk Qizil Yarim Oy jamiyati insonparvarlik yordami ko‘rsatishda dunyoda yetakchi o'rinda
"Turkiya qirg'in tarmog'ining qonun va tarix oldida javobgarlikka tortilishini ta'minlash uchun bor imkoniyatini ishga soladi", deydi u. / AA

Erdo‘g‘an: "Turkiya Qizil Yarim oy jamiyati insonparvarlik missiyasi bilan dunyo hamjamiyati xotirasidan joy oldi"

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, "Kizilay" nomi bilan tanilgan Turkiya Qizil Yarim oy jamiyati o‘zining gumanitar faoliyati orqali dunyoning turli mojaro hududlarida istiqomat qiluvchi insonlar qalbidan chuqur joy egalladi.

"Qizilay Falastin, Bosniya, Afg‘oniston, Somali, Iroq va Suriya kabi qaynoq nuqtalardagi fidokorona xizmatlari bilan qardosh xalqlar xotirasiga muhrlandi", — dedi Erdo‘g‘an payshanba kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiya Qizil Yarim oy jamiyatining mukofotlash marosimida.

Tashkilotning G‘azodagi gumanitar missiyasiga alohida to‘xtalgan Erdo‘g‘an, "Netanyaxu boshchiligidagi sionistik genotsid tarmog‘i"ning tinimsiz hujumlari ostida qolayotgan G‘azo sektoriga "Kizilay" tomonidan bugungacha 26 ming tonnadan ortiq insonparvarlik yordami yetkazilganini bildirdi.

Uning qayd etishicha, 7-oktyabrdan buyon tashkilot G‘azodagi falastinliklarga 15 million porsiyadan ortiq issiq ovqat tarqatgan va hozirda ham har kuni 30 ming kishini issiq taom bilan ta’minlab kelmoqda.

Prezident Turkiya nafaqat insonparvarlik yordami ko‘rsatishni, balki xalqaro maydonda adolat tantanasi uchun kurashishni ham davom ettirishini ma’lum qildi.

"Turkiya mazlumlarga yordam qo‘lini cho‘zish barobarida, ushbu qirg‘inlar ortida turganlarni qonun va tarix oldida javobgarlikka tortish uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘radi", — deya qo‘shimcha qildi u.

Erdo‘g‘an, shuningdek, fashistlar Germaniyasi yetakchisining yo‘lidan borayotganlarni keskin ogohlantirdi.

"Gitlerning izidan borayotganlar, agar shu yo‘nalishda davom etishsa, tarixdagi boshqa zolimlar kabi ayanchli qismatga duch kelishlarini unutmasliklari lozim", — dedi Turkiya rahbari.

U o‘z so‘zini yakunlar ekan: "Bugungi rahbariyat qo‘lida Isroil qon, ko‘z yoshlari, beqarorlik va tartibsizlikdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanadigan provokatsiya fabrikasiga aylanib qoldi", — deya ta’kidladi.