TURK DUNYOSI
2 daqiqa o'qish
Janubiy Kavkazda tinchlik va hamkorlik davri boshlanmoqda
Ilhom Aliyev Bishkekda o‘tkazilgan «Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) +» formatidagi yig‘ilishda ishtirok etdi.
Janubiy Kavkazda tinchlik va hamkorlik davri boshlanmoqda
_

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Janubiy Kavkaz tinchlik hududiga aylanayotganini ta’kidlab, Armaniston bilan o‘zaro savdo hajmini oshirish, mahsulotlar turini kengaytirish va yangi quruqlik transport yo‘llarini tashkil etish ustida ish olib borayotganliklarini bildirdi.

Ilhom Aliyev Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tkazilgan «Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) +» formatidagi yig‘ilishda ishtirok etdi.

Yig‘ilishda nutq so‘zlagan Aliyev Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida olib borilayotgan tinchlik jarayoniga to‘xtaldi.

Aliyev bir yildan ortiq vaqt avval Ozarbayjon bilan Armaniston tinchlik bitimi matnini paraflab yoki kelishuvni dastlabki tarzda tasdiqlash orqali 30 yildan ortiq davom etgan mojaroga yakun yasaganini bildirdi. U: «Ko‘p yillar davomida mojaro hududi bo‘lgan Janubiy Kavkaz tinchlik hududiga aylanmoqda» - dedi.

Ozarbayjon Armanistonga neft mahsulotlari yetkazib berayotgani va uchinchi davlatlarning yuk tranzitini ta’minlayotganini bildirgan Aliyev: «Armaniston bilan o‘zaro savdo hajmini oshirish, mahsulotlar turini kengaytirish va yangi quruqlik transport yo‘llarini tashkil etish ustida ishlayapmiz» - dedi.

Aliyev mamlakati hududlari ishg‘ol ostida bo‘lgan davrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bu muammoni hal qilishda hech qanday rol o‘ynamaganini ifoda etib, Ozarbayjon o‘z mustaqilligi va hududiy yaxlitligini to‘liq o‘zi tiklaganini qayd etdi.

Aliyev BMT Xavfsizlik kengashi qarorlari tezroq amalga oshirilishi va buning uchun samarali mexanizmlar yaratilishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu BMTning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va nizolarni hal etishdagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi. To‘rt yil davomida Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilgan Ozarbayjon esa xalqaro munosabatlarda davlatlarning birgalikda harakat qilish tamoyilini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.