TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya harbiy samolyoti Gruziya–Ozarbayjon chegarasida halokatga uchradi
Turkiya Respublikasi Milliy Mudofaa Vazirligi, Ozarbayjondan Turkiyaga yo‘l olayotgan turk harbiy yuk samolyoti C-130 Gruziya-Ozarbayjon chegarasiga yaqin hududda qulaganini ma’lum qildi.
Turkiya harbiy samolyoti Gruziya–Ozarbayjon chegarasida halokatga uchradi
Turkish authorities have announced that search and rescue operations have begun in coordination with Azerbaijani and Georgian authorities.
12 ноябр 2025

Turkiya Mudofaa vazirligi seshanba kuni ma’lum qilishicha, Ozarbayjondan Turkiyaga yo‘l olgan C-130 harbiy yuk samolyoti Gruziya–Ozarbayjon chegarasi yaqinida qulab tushgan va bortda 20 nafar turk harbiy xodimi bo‘lgan.

Vazirlik avvalroq bergan bayonotida samolyot “Ozarbayjondan yurtimizga uchib chiqqan va Gruziya–Ozarbayjon chegarasida qulagan” deb bildirgan va qidiruv-qutqaruv ishlarining “Ozarbayjon va Gruziya hokimiyatlari bilan muvofiqlashtirilgan holda” davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.

Hozircha tirik qolganlar yoki halok bo‘lganlar haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilinmagan.

Prezident Rejep Tayyip Erdo’g’an voqeani “chuqur qayg‘u bilan” qabul qilganini aytib, vrakka yetib borish bo‘yicha ishlar davom etayotganini tasdiqladi.
Erdoğan X platformasidagi postida shunday yozdi:
“Vrakka yetib borish uchun tegishli idoralar bilan muvofiqlashtirilgan holda ishlarimiz davom etmoqda. Xudoyim shahidlarimizga rahmat qilsin.

Vazirlik halokat sabablarini aniqlash uchun tergov boshlandi, deb ma’lum qildi.

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya ham hodisadan “chuqur qayg‘uda” ekanini ijtimoiy tarmoqdagi postida ifoda etdi. U, shuningdek, Gruziya rasmiy vakili Gela Geladze bilan telefon orqali suhbatlashganini va Geladze voqea joyiga yo‘l olganini bildirdi.

Turkiya kommunikatsiyalar direktori Burhanettin Duran esa NSosyal platformasida qidiruv-qutqaruv ishlarining “tezkor tarzda boshlanganini” takrorladi.
U shunday qo‘shimcha qildi:
“Jamoatchilikni aniq va ishonchli axborot bilan ta’minlash uchun barcha fuqarolardan faqat rasmiy idoralar bayonotlariga tayanishni va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz.”

Gruziyada qidiruv-qutqaruv ishlari

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi manbalariga ko‘ra, tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Gruziya tashqi ishlar vaziri Maka Botchorishvili bilan qidiruv-qutqaruv ishlari borasida telefon orqali muloqot qilgan.
Botchorishvili ham samolyot halokati munosabati bilan ta’ziya bildirgan.

Gruziya havo harakati boshqaruv agentligi Sakaeronavigatsia ma’lum qilishicha, harbiy yuk samolyoti Ozarbayjon chegarasi yaqinida qulagan va ortidan qidiruv-qutqaruv guruhi yuborilgan.
Agentlik Facebook’dagi bayonotida shunday yozgan:
“Samolyot Gruziya hududiga o‘tganidan bir necha daqiqa o‘tib, signal yubormay radardan yo‘qolgan.

Ozarbayjonning ta’ziyasi

Halokatdan so‘ng Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkiya prezidenti bilan telefon orqali suhbatlashib, voqea munosabati bilan ta’ziya bildirdi.
Ozarbayjon Prezidentligi bayonotida shunday deyiladi:
“Telefon suhbati davomida holat yuzasidan Ozarbayjon va Turkiya tegishli davlat idoralari doimiy aloqada ekani qayd etildi.”

Turkiya vitse-prezidenti Cevdet Yılmaz ham Ozarbayjon bosh vaziri Ali Asadov bilan telefon orqali suhbatlashib, vaziyatni muhokama qildi.
Yılmaz NSosyal’dagi postida shunday yozdi:
“Asadov Ozarbayjon xalqining ta’ziya va birdamlik tuyg‘ularini yetkazdi hamda mamlakat vaziyatni yaqindan kuzatayotganini ta’kidladi.”

Yılmaz, Ozarbayjon rahbariyatiga samimiy ta’ziyalari uchun minnatdorchilik bildirib, halok bo‘lgan turk harbiylari uchun duo qildi.