Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan ham AQSh ham Eronning yadroviy kelishuvini qayta tiklash sa’y - harakatlarida moslashuvchanlik belgilarini ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratgan holda, muzokaralar doirasining kengaytirilishi, mintaqani yana mojaroga tortib ketishi mumkinligini qayd etdi.
Financial Times gazetasida payshanba kuni chop etilgan intervyusida Hakan Fidan, Vashington, Eronning uranni to‘liq boyitishni to‘xtatishi haqidagi uzoq yillik talabini yumshatishga tayyor ekanini bildirdi — bu avvalgi muzokaralarda asosiy to‘siqlardan biri bo‘lgan.
Hakan Fidan yuqorida nomi tilga olingan gazetaga bergan intervyusida shuningdek: «Amerikaliklarning, Eronning aniq belgilangan chegaralar doirasida boyitishiga toqat qilishga tayyor ko‘rinishi ijobiy natijadir», - dedi.
Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga (NPT) a’zo bo‘lgan Eron, boyitish erkin huquqi ekanini doim ta’kidlab keladi.
Tashqi Ishlar vaziri Fidan, Tehronning boyitish darajalarini cheklashlari va 2015 - yilgi yadroviy kelishuvga o‘xshash qat’iy nazoratni qabul qilishga tayyor ko‘rinayotganini qayd etdi.
Fidan: «Eronliklar endi amerikaliklar bilan kelishuvga erishishlari kerakligini tan olmoqda; amerikaliklar esa eronliklarning ma’lum chegaralari borligini tushunmoqda. Ularni majburlashning ma’nosi yo‘q», — dedi.
Muzokaralarni kengaytirish kelishuvni xavf ostiga qo‘yishi mumkin
Biroq Fidan muzokaralarni Eronning ballistik raketa dasturi va mintaqadagi qurolli guruhlarga bo‘lgan ko‘magini ham o‘z ichiga oladigan tarzda kengaytirish malasiga aholida e’tibor qaratdi. .
Fidan: «Agar AQSh barcha masalalarni bir vaqtning o‘zida ko‘rib chiqishda oyoq tiragudek bo‘lsa unda yadroviy masala ham oldinga siljimasligidan xiholatdaman… natijada mintaqa uchun yana bir urush bo‘lishi mumkin», — dedi.
AQSh delegatsiyalari bilan Eron rasmiylari o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar o‘tgan hafta Maskatda qayta boshlandi; bu Vashingtonning o‘tgan 2025 - yilning iyun oyida Isroilning Eronga qarshi olib borgan 12 kunlik urushida ishtirok etganidan buyon ilk aloqa hisoblanadi. Har ikki tomon uchrashuvni konstruktiv deb baholadi va yana bir necha bosqich kutilayotganini bildirdi.
AQShning avvalgi talablari orasida Eronning raketa turlari hamda Hizbulloh va husiylar kabi guruhlarga ko‘mak berishni cheklash masalalari bor edi. Biroq Prezident Donald Tramp yaqinda faqat yadroviy kelishuv qabul qilinishi mumkinligini ifoda etdi.
Hakan Fidan mintaqaviy kuchlar (bunga Turkiya ham doxil) yadroviy yo‘nalishni izdan chiqarmay, kengroq xavfsizlik tashvishlarini hal etish uchun ijodiy g‘oyalar ustida ishlayotganini bildirdi.
U barqaror kelishuv uchun Eron bilan qo‘shnilari o‘rtasidagi ishonchni qayta tiklash zarurligini ta’kidlab: «Mintaqadagi davlatlar bilan jiddiy ishonch bo‘shlig‘i bor va bu o‘lchovni hal etish shart», — degan ifodalarga o‘rin berdi.













