Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Qurbon hayiti munosabati bilan video murojaat e’lon qildi va unda:
«Ushbu muborak kunlarning yurtimiz, aziz xalqimiz, Islom olami va butun insoniyat uchun xayrli bo‘lishini chin yurakdan tilab qolaman» - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an o‘z bayonotida bugungi kundagi dolzarb masalalarga ham to‘xtalgan holda mavzu haqida:
«Islom olami sifatida bir tomondan tinchlik muhitiga erishish quvonchini boshdan kechirayotgan bir paytda boshqa tomondan mintaqamizdagi va dunyodagi stress darajasi ham ortdi. Isroil otashkesimga qaramay G‘azodan G‘arbiy Sohilgacha, Sharqiy Quddusdan Livangacha bo‘lgan hududlarda bosqin, vayronagarchilik, qirg‘in va noqonuniy aholi punktlari faoliyatini beparvolik bilan davom ettirmoqda. Shuningdek, Isroilning provokatsiya va fitnalari bilan avj olgan urushning salbiy ta’sirlari energiyadan qishloq xo‘jaligigacha, savdodan transportgacha, iqtisoddan xavfsizlikgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda his qilinmoqda» - dedi.
«Turkiya barqarorlik oroli sifatida ajralib turmoqda»
«Mintaqamiz urush va inqirozlar zanjiri bilan kurashayotgan bir davrda Turkiya o‘z iqtisodi, infratuzilmasi, tajribali institutlari, malakali kadrlari va eng muhimi mustahkam tus olgan ichki birligi bilan barqarorlik oroli sifatida e’tiborlarni o‘ziga tortmoqda» - degan Prezident o‘z so‘zini quyidagicha davom ettirdi: «Tanqid va to‘siqlarga qaramay 23 yildan beri olib borayotgan siyosatimizning natijalarini eng avvalo mudofaa sanoati sohasida, keyin esa barcha yo‘nalishlarda ko‘rib turibmiz. 238 milliard dollardan 1,6 trillion dollardan oshgan iqtisodiy hajm; 36 milliard dollardan 276 milliard dollarga yetgan yillik eksport; 248 million dollardan 10 milliard dollardan oshgan mudofaa va aviatsiya eksporti bilan Turkiya dunyoda kamdan - kam uchraydigan muvaffaqiyat hikoyasini yozmoqda».
Turkiyaning terrorga qarshi kurashdagi qat’iyatiga ham to‘xtalgan Prezident Erdo‘g‘an so‘zlari yakunida: «Atrofimizdagi chang - to‘zon tarqalishi ortidan inshaalloh yangi davrning porloq yulduzlaridan biri bizning Turkiyamiz bo‘ladi. Buning uchun zarur bo‘lgan har qanday faoliyatni qilyapmiz. Mamlakatimiz kelajagi va mintaqa barqarorligi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Terrorsiz Turkiya jarayoni ham shulardan biridir. Bu tarixiy jarayon ichki tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, tashqarida esa imperialistik o‘yinlarni buzishga hissa qo‘shmoqda. Biz bu jarayonni katta ehtiyotkorlik, aql - idrok va samimiyat bilan maqsad sari olib bormoqdamiz. Turkiyaga faqat iqtisodiy jihatdan 2 trillion dollardan ortiq ziyon yetkazgan bu muammodan xalqimizni qutqarish borasidagi irodamiz qat’iydir. Biz mustahkam va tezkor tarzda yo‘limizda davom etmoqdamiz» - deya gapirdi.



















