DUNYO
2 daqiqa o'qish
BMT Bosh kotibi: "Ikki davlatli yechim ko‘z o‘ngimizda yo‘q qilinmoqda"
Falastinliklar Isroilning so‘nggi harakatlari ishg‘ol ostidagi Falastin tuproqlarini rasman qo‘shib olish (anneksiya) uchun zamin tayyorlashni ko‘zlayotganini bildirmoqda.
BMT Bosh kotibi: "Ikki davlatli yechim ko‘z o‘ngimizda yo‘q qilinmoqda"
Ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohilda, Falastinning Bayt Sahur shaharchasiga tutash joylashgan noqonuniy yahudiy aholi punktining ochilish marosimida bir ayol ishtirok etmoqda. / AP
8 соат олдин

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antonio Guterrish dushanba kuni ishg‘ol ostidagi Falastin tuproqlarida "inson huquqlari, inson qadr-qimmati va xalqaro huquqning ochiqchasiga buzilishi" qarshisida dunyo sukut saqlay olmasligi haqida ogohlantirib, ikki davlatli yechim "ko‘z ko‘ra-bilta" yo‘q qilinayotganini ta’kidladi.

Jenevada BMT Inson huquqlari kengashining ochilish yig‘ilishida so‘zga chiqqan Guterrish, Isroil ishg‘oli ostidagi hududlardagi hozirgi yo‘nalish "aniq, ravshan va qasddan" ekanini aytib, ikki davlatli yechim jarayoni tizimli ravishda zaiflashtirilayotganini bildirdi.

Guterrishning bu so‘zlari Netanyaxu hukumati ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilning keng hududlarini "davlat mulki" sifatida ro‘yxatga olish taklifini ma’qullaganidan bir necha kun o‘tib yangradi. Bu Isroil mazkur tuproqlarni 1967-yilda ishg‘ol qilganidan beri qabul qilingan birinchi bunday chora hisoblanadi.

1995-yilgi "Oslo II" bitimiga muvofiq, ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil A, B va C hududlariga ajratilgan edi. Umumiy hududning taxminan 61 foizini tashkil etuvchi C hududi to‘liq Isroil nazoratida qolgan bo‘lsa, falastinliklar uchun yer ro‘yxati faqat A va B hududlari bilan cheklangan edi.

Isroilning so‘nggi qarori mamlakat xavfsizlik kabineti tasdiqlagan, yahudiy turar-joylarini kengaytirish va C hududi ustidan nazoratni kuchaytirishni ko‘zlagan keng ko‘lamli choralar paketining bir qismidir. Bu yahudiy ko‘chmanchilarning falastinliklarga tegishli yerlarda ko‘chmas mulk sotib olishini yanada osonlashtiradi.

Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ushbu qadamlar G‘arbiy Sohildagi yerlarni ko‘chmanchilarga sotishni taqiqlovchi qonunning bekor qilinishi, yer kadastr hujjatlarining ochilishi va Al-Xalil yaqinidagi hududlarda rejalashtirish vakolatining Falastin munitsipalitetidan Isroil fuqarolik ma’muriyatiga o‘tkazilishini o‘z ichiga oladi.

2023-yil oktyabr oyida boshlangan Isroilning G‘azoga qarshi genotsid xarakteridagi urushidan beri kuchaygan harbiy bosqinlar, hibsga olishlar va turar-joylarning kengayishi bilan birga, falastinliklar bu harakatlarni hududlarni amalda qo‘shib olishga (anneksiyaga) zamin tayyorlovchi amaliyotlar deb bilishmoqda.

2024-yil iyul oyida Xalqaro sud Isroilning Falastin tuproqlarini ishg‘ol qilishini huquqqa zid deb e’lon qildi va ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil hamda Sharqiy Quddusdagi turar-joylarni bo‘shatishni talab qildi.

Falastin Tashqi ishlar vazirligi o‘tgan hafta Isroilning yer ro‘yxati haqidagi qarorini "huquqiy jihatdan haqiqiy emas va o‘z kuchiga ega emas" deb qoraladi hamda buni "anneksiya jarayonining amaldagi boshlanishi" ekanidan ogohlantirdi. Vazirlik bayonotida ushbu qadam "turar-joy va qo‘shib olish jinoyatini qonuniylashtirishni" ko‘zlashini hamda "Falastin tuproqlarini bosib olish, ishg‘ol qilish va o‘g‘irlashni" osonlashtirishini bildirdi.

Shuningdek, vazirlik bu qarorni xalqaro huquqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi chiqish deb atadi va BMT Xavfsizlik kengashining 2334-sonli qaroriga tayanib, Isroil turar-joylarining huquqiy asosi yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi. Xalqaro hamjamiyatni zudlik bilan harakatga chaqirgan Falastin tomoni, BMT Xavfsizlik kengashini mintaqaviy barqarorlikka va mustaqil Falastin davlatining mavjudligiga tahdid solayotgan Isroilning bir tomonlama choralarini to‘xtatishga chaqirdi.