Anado‘lu axborot agentligining xabariga ko‘ra Turkiya Mudofaa vaziri Yashar Guler to‘rt davlat ishtirokida imzolanadigan mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolash marosimida qatnashish uchun Qatarga boradi.
Guler seshanba kuni tushdan keyin Qatarga yetib borishi kutilmoqda.
Turkiya, Qatar, Pokiston va Indoneziya anglashuv memorandumini chorshanba kuni imzolaydi.
Shuningdek, Qatar Mudofaa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Shayx Saud bin Abdulrahmon al - Soniy dushanba kuni Do‘hada bo‘lib o‘tgan Global xavfsizlik forumida mamlakat yaqin orada mahalliy mudofaa ishlab chiqarish markazini tashkil etish rejalarini e’lon qilishini aytdi.
Abdurahmon al - Soniy Qatar mahalliy mudofaa salohiyatini rivojlantirish va mudofaa kompaniyalariga sarmoya kiritish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi davlatlarni o‘z ichiga olgan mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlar bilan ishlayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Qatar ballistik raketalar, insonsiz havo transportlari va kiberhujumlarga qarshi imkoniyatlarini kuchaytirish uchun yaqin orada yangi hamkorlik to‘g‘risida e’lon qilishini bildirdi biroq bu borada qo‘shimcha ma’lumot bermadi.
Mazkur bayonotlar Qatar energetika sohasi va dengiz savdosiga ta’sir ko‘rsatayotgan AQSh – Isroil – Eron urushi davom etayotgan bir paytda qayd etildi.
Qatar mojaro boshlanganidan ko‘p o‘tmay Ras - Laffandagi asosiy suyultirilgan tabiiy gaz majmuasining katta qismini yopgan edi. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatiga joriy etilgan cheklovlar esa global savdoga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
So‘nggi yillarda Turkiya bilan Qatar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlab, mudofaa, xavfsizlik, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirdi. Do‘hada qo‘shma harbiy qo‘mondonlikka ega bo‘lgan ikki mamlakat mintaqaviy masalalar bo‘yicha ham o‘zaro muvofiqlashgan holda ish olib bormoqda.
Turkiya bilan Qatar 2025 - yilning oktabr oyida ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan kengroq kelishuvlar doirasida mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzolagan edi.























