Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Byornem, markazi AQShda joylashgan «X» kompaniyasining ijtimoiy media platformasidagi akkauntida qoldirgan postida, dunyo tobora xavfli bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
Buyuk Britaniyaning Yevropa ittifoqi tarkibidan chiqib ketganiga 10 yil bo‘lganini qayd etgan Byornem, shu davr mobaynida mamlakati yetakchilik qilish va o‘z qadriyatlarini himoya qilish borasidagi o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotganini qayd etdi. U: «Buning sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman. Britaniyaning biror masalada qat’iy pozitsiya egallashi har qachongidan ham muhimdir» - dedi.
Byornem Buyuk Britaniya Yaqin Sharqda ikki davlat asosidagi yechimni yillar davomida qo‘llab - quvvatlab kelganini yodga solgan holda: «Agar bu so‘zlarni amaliy harakatlar bilan qo‘llab - quvvatlamasak, unda uning hech qanday ma’nosi qolmaydi. Biz uzoq vaqt harakat qilishdan ikkilanib keldik va Isroilga qarshilik ko‘rsatishda ayblanishdan qo‘rqdik» - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Buyuk Britaniyaning Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlaridan savdoni taqiqlash to‘g‘risidagi qarori puxta o‘ylab qabul qilinganini ta’kidlagan Byornem: «Bu choralar Isroil hukumatining nomaqbul siyosatiga qaratilgan, Isroil xalqiga emas» - dedi.
Byornem Falastin xalqining boshidan kechirayotgan azob - uqubatlarini «dunyo vijdonidagi yara» - degan so‘zlar bilan baholadi.
G‘azoda haligacha begunoh falastinliklar halok bo‘layotganini qayd etgan Byornem, gumanitar inqirozga qaramay hududga juda kam miqdorda gumanitar yordam kirayotganini bildirdi.
G‘azoda minglab inson halok bo‘lgani va millionlab inson o‘z uy - joylarini tark etishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan Byornem o‘z so‘zini quyidagicha davom etdi:
«Bilaman, Britaniya xalqi bularni chuqur his qilmoqda. Men ham his qilaman. Bosh vazir bo‘lishimdan oldin Buyuk Britaniyaning bu masalaga munosabati juda sust va yetarli emasligini aytgan edim. Hukumatning yondashuvini o‘zgartirishga qat’iy bel bog‘laganman. Bu dahshatli azob davom etayotgan bir paytda va mintaqada tinchlik hamda barqarorlik uchun eng katta umid bo‘lgan ikki davlat asosidagi yechim g‘oyasi hujum ostida turganida shunchaki kutib turolmayman».
Isroil so‘nggi 4 yil ichida tasdiqlagan noqonuniy aholi punktlari soni undan oldingi 20 yil davomida tasdiqlanganidan ko‘proq ekaniga e’tibor qaratgan Byornem, Falastin hududlarini egallab olayotgan isroilliklar joriy yilda 1500 ta zo‘ravonlik holatini sodir etganini qayd etdi.
Byornem vaziyat tobora yomonlashayotganini ta’kidlab: «Isroil hukumati 2022 - yilning dekabr oyida hokimiyatga kelganidan beri 104 ta yangi aholi punktini tasdiqladi. Oktabrdagi saylovlar oldidan esa E1 aholi punktini qurish bo‘yicha tender jarayonini davom ettirishga ruxsat bermoqda. Ushbu loyiha G‘arbiy Sohilning qoq markazidan o‘tuvchi hududiy uzilish hosil qilib, ikki davlat asosidagi yechimni amalga oshirish umidini yo‘qqa chiqaradi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi» - dedi.
Byornem kecha e’lon qilingan bosib olingan hududlar bilan savdoni taqiqlash to‘g‘risidagi qarordan tashqari G‘azoga gumanitar yordam paketini ham e’lon qilganliklarini yodga soldi.
Bosh vazir Byornem 2023 - yilning 7 - oktabrida yuz bergan voqealar Isroilning G‘azo va G‘arbiy Sohildagi harakatlarini oqlay olmasligini ta’kidlab: «Qabul qilayotgan qarorlarimiz noqonuniy aholi punktlarini nishonga olayotgan bir paytda, Isroilni o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur qiluvchi bosimni ham kuchaytirmoqda. Biz Isroilga to‘liq sanksiya joriy qilmayapmiz. Bu hukumat siyosatini qo‘llab - quvvatlamaydigan Isroil xalqini jazolash bo‘lardi» - dedi.
Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya va Kanada hamda yana 8 davlat kecha bergan qo‘shma bayonotida bosib olingan Falastin hududlari bilan savdoni taqiqlashlarini ma’lum qilgan edi.
















