Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an, Anqara, havo hududi buzilishlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rishda va milliy xavfsizlikni mustahkamlashda davom etayotganini qayd etdi.
Bugun so‘zlagan nutqida Erdo‘g‘an shunday dedi: “86 million xalqimiz oldidagi mas’uliyatimizni chuqur his qilgan holda, ehtiyotkorlik va vazminlikni hech qachon qo‘ldan boy bermaymiz. Havo hududimizni buzuvchi harakatlarga qarshi qat’iy pozitsiya tutar ekanmiz, xalqimizning tinchligi va xavfsizligini mustahkamlovchi qadamlarni ham davom ettirmoqdamiz”.
Prezident bu bayonotlarni muqaddas Ramazon oyi ortidan kelgan Ramazon hayiti munosabati bilan turk xalqiga yo‘llagan videomurojaatida bildirdi. Erdo‘g‘an bayram mamlakatga, islom olamiga va butun insoniyatga yaxshilik, baraka va go‘zallik olib kelishini tilab, Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham to‘xtaldi.
Erdo‘g‘an o‘z so‘zida: “G‘azodagi birodarlarimiz Isroil o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzgan va insonparvarlik yordamiga monelik qilgan hujumlari ostida Ramazon hayitini o‘tkazishga urinmoqda. Avvalo Sharqiy Quddus va G‘arbiy Sohil bosh bo‘lish bilan birga Falastinning turli hududlari hamda Janubiy Livanda bosqin va vayronkorlik siyosati to‘xtovsiz davom etmoqda”, - dedi.
Shuningdek, u 28 - fevral kuni Eronga qarshi boshlangan hujumlar hamda Eronning uchinchi davlatlarga nisbatan raketa va insonsiz havo transportlari orqali uyushtirgan javob tariqasidagi zarbalari mintaqaviy keskinlikni yanada kuchaytirganini ta’kidladi.
“Bu tashvishli vaziyat oldida, 86 million xalqimiz oldidagi mas’uliyatimizni anglagan holda, ehtiyotkorlik va sog‘lom fikr yuritishni aslo unutmaymiz”, - degan Erdo‘g‘an, Turkiyaning havo hududi buzilishlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rishda va milliy xavfsizlikni mustahkamlashda davom etayotganini qo‘shimcha qildi.
17 oy avval boshlangan “Terrorsiz Turkiya” tashabbusiga ham to‘xtalgan Erdo‘g‘an, ko‘plab muhim bosqichlardan muammosiz o‘tganliklarini qayd etdi.
Erdo‘g‘an: “Suriya shimolidagi masala murosa yo‘li bilan hal etilishi natijasida xavfsizlik sohasidagi tashvishlarimiz kamaydi, Suriya hududiy yaxlitligi saqlab qolindi. Maqsadimiz — mintaqamizda amalga oshirilmoqchi bo‘lgan qonli ssenariylarni inobatga olgan holda, boshlagan ushbu ijobiy jarayonni muvaffaqiyat bilan yakunlashdir”, - deya gapirdi.
Global noaniqlik ortib borayotgan bir davrda Turkiya o‘tgan yili iqtisodiyotini 3,6 foizga o‘stira olganini ham ta’kidlagan Erdo‘g‘an, 2025 - yilda Turkiya OECD davlatlari orasida eng tez o‘sayotgan uchinchi davlatga aylanganiga alohida e’tibor qaratdi.











