DUNYO
2 daqiqa o'qish
Trampning Xitoyga tashrifi kechiktirildi
AQSh Prezidenti Donald Tramp, Eron bilan davom etayotgan urush sababli Xitoyga rejalashtirilgan tashrifi 14-15-may kunlariga ko‘chirilganini ma’lum qildi.
Trampning Xitoyga tashrifi kechiktirildi
Trampning tashrifi yetakchilarning Janubiy Koreyada oktabr oyida bo‘lib o‘tgan va savdo sulhiga kelishilgan uchrashuvidan keyingi ilk yuzma-yuz muzokaralari bo‘ladi. (ARXIV) / Reuters
14 соат олдин

Tramp, shuningdek, joriy yilning oxirrog‘ida AQSh Xitoy Raisi Si Szinpin va uning rafiqasini qabul qilishini, har ikki tashrif uchun tayyorgarliklar yakunlanganini bildirdi.

Tashrifning yangi muddati va tafsilotlari

AQSh Prezidenti Donald Tramp, Eron urushi tufayli avvalroq qoldirilgan sammitdan so‘ng, may oyida Pekinda xitoylik hamkasbi Si Szinpin bilan uchrashishini aytdi. Tramp chorshanba kungi bayonotida, aslida mart oyi oxirida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan "tarihiy ahamiyatga ega" safarni intizorlik bilan kutayotganini va Si Szinpinni turmush o‘rtog‘i bilan birga Vashingtonda mehmon qilishini ta’kidladi.

Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida shunday yozdi: "Erondagi harbiy amaliyotimiz tufayli kechiktirilgan Xitoyning muhtaram Prezidenti Si Szinpin bilan uchrashuvim qayta rejalashtirildi va 14 hamda 15-may kunlari Pekinda bo‘lib o‘tadi".

Tayyorgarliklar yakunlandi

Tramp AQSh va Xitoy rasmiylari "tarihiy" Pekin va Vashington tashriflari uchun tayyorgarlikni nihoyasiga yetkazganini aytib: "Prezident Si bilan o‘tkazadigan vaqtimni sabrsizlik bilan kutyapman, ishonamanki, bu juda muhim voqea bo‘ladi", deya qo‘shimcha qildi.

Dunyoning eng yirik ikki iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo aloqalarini qayta tartibga solishni maqsad qilgan ushbu sammit uchun Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik davrida ilk bor 31-mart va aprelning dastlabki kunlari oralig‘ida Pekinga borishni rejalashtirgan edi. Biroq, Trampning diqqat-e’tibori Eron bilan davom etayotgan urushga qaratilgani sababli, 16-mart kuni Xitoydan uchrashuvni qoldirishni so‘ragan edi.

O‘shanda Tramp jurnalistlarga: "Urush tufayli shu yerda bo‘lishni xohlayman, shu yerda bo‘lishim kerakligini his qilyapman. Shuning uchun uchrashuvni bir oyga surishni iltimos qildik", degan edi.

Tramp Xitoyga oxirgi marta 2017-yilda borgan edi. Bu AQSh prezidentining Xitoyga qilgan eng so‘nggi safari bo‘lib qolmoqda. Ushbu rejalashtirilgan tashrif, ikki yetakchining o‘tgan yil oktabr oyida Janubiy Koreyada savdo bitimi bo‘yicha kelishib olganlaridan keyingi ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi.