TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Erdo'g'an NATOda mudofaa sohasidagi cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi
Turkiya Prezidenti ittifoqchilarni mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi.
Erdo'g'an NATOda mudofaa sohasidagi cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi
Erdoʻgʻon mamlakatning soʻnggi yillardagi eng katta yutugʻi mudofaa sanoatidagi ulkan muvaffaqiyatlar boʻlganini aytdi. / AA

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g‘an NATO ittifoqchilari o‘rtasidagi mudofaa hamkorligiga oid cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi.

Chorshanba kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Shimoliy Atlantika Kengashining davlat va hukumat rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Erdo’g‘an: “Ittifoqchilar o‘rtasidagi, xususan, mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikka to‘sqinlik qiluvchi barcha cheklovlar bartaraf etilishi lozim”, — deb ta’kidladi. Ushbu cheklovlar qatoriga AQSh sanksiyalari, Rossiyadan S-400 raketa tizimi xarid qilingani sababli Turkiyaning F-35 dasturidan chiqarilishi hamda Yevropa Ittifoqining SAFE kabi qoidalari — YIga a’zo bo‘lmagan yetkazib beruvchilarning mudofaa loyihalaridagi hissasini 35 foiz bilan cheklovchi mexanizmlar kiradi.

Erdo’g‘an yevropalik ittifoqchilarni qit’a mudofaasida ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga olar ekan, NATOning birligi va transatlantik aloqalarga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan siyosatlardan tiyilishga chaqirdi: “Biz ittifoqning ahamiyatini zaiflashtiradigan yoki transatlantik hamkorlikka ziyon yetkazadigan choralardan saqlanishimiz kerak”.

Turkiyaning mudofaa sohasidagi yutuqlariga to‘xtalgan Prezident, mamlakatning ishlab chiqarish va eksport salohiyati bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 10 mamlakati qatoriga kirganini qayd etdi. Shuningdek, u Turkiyaning mudofaa xarajatlarini oshirishga sodiqligini tasdiqlab, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni YaIMning 3,5 foiziga yetkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Hozirda Turkiya YaIMning 1,5 foizini xavfsizlik va chidamlilik bilan bog‘liq xarajatlarga ajratmoqda. Bundan tashqari, Erdo’g‘an “Steel Dome” (Po‘lat gumbaz) havo va raketa mudofaa loyihasi uchun 24 milliard dollar sarmoya ajratilganini e’lon qildi; ushbu qadam NATOning eng muhim imkoniyat yetishmovchiliklarini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Turkiyaning NATO doirasidagi rolini urg‘ular ekan, Erdo’g‘an Yevropadagi eng yirik quruqlik armiyasiga ega davlat sifatida mamlakati o‘z harbiy imkoniyatlarini ittifoq manfaatlari yo‘lida safarbar etishga doimo tayyorligini bildirdi. Turkiya Kosovo, Qora dengiz va Boltiqbo‘yi mintaqasidagi missiyalarda yetakchi o‘rin tutishini ta’kidlagan Prezident, Ankara tomonidan tashkil etilayotgan “Boshqarilmaydigan tizimlarga qarshi kurash bo‘yicha mukammallik markazi” uchun NATO akkreditatsiyasini olishni umid qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Erdo’g‘anning fikricha, ushbu markaz haqiqiy jang maydonlarida uchuvchisiz havo vositalarini qo‘llash tajribasiga tayanib, havo va dengiz dronlari keltirib chiqarayotgan tahdidlarga qarshi kurashish qobiliyatini sezilarli darajada mustahkamlaydi.