G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
Ben - Gvir G‘arbiy Sohilga hujumlarni kuchaytirishga chaqirdi
Ben - Gvir bosib olingan G‘arbiy Sohilda falastinlik 4 kishi, isroillik 1 kishining o‘limiga yo‘l ochgan voqea ortidan nomi tilga olgan hududdagi hujumlarni yana kuchaytirishga chaqirdi.
Ben - Gvir G‘arbiy Sohilga hujumlarni kuchaytirishga chaqirdi
_

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben - Gvir X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida G‘arbiy Sohildagi Falastin shahar va qishloqlarini G‘azo sektoridagi Isroil hujumlari oqibatida vayron bo‘lgan Bayt Hanun kabi yer bilan yakson qilishga chaqirdi.

Ben - Gvir Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va Isroil armiyasi yetakchiligidan mintaqadagi falastinliklarning «uylarini havodan bombardimon qilish va D9 buldozerlari yordamida butunlay buzib tashlash»ni talab qilishini bildirdi.

U mavzu haqida yana shunday dedi: «Yaqin Sharqda aynan mana shu til tushuniladi. Biz G‘azoda qanday yo‘l tutgan bo‘lsak, endi G‘arbiy Sohilda ham xuddi shunday yo‘l tutish vaqti keldi».

Shu orqali Ben - Gvir G‘azodagi vayronagarchilikni G‘arbiy Sohilda ham takrorlashga chaqirdi. Isroil hukumatining yana bir o‘ta o‘ng qanot ko‘z qarashdagi vakili, Moliya vaziri Bezalel Smotrich esa Falastinning bosib olingan hududlaridagi noqonuniy yahudiy manzilgohlari Isroilning «himoya devori» ekanini ilgari surgan holda Isroil armiyasini falastinliklarga nisbatan yanada keskin hujumlar uyushtirishga chaqirdi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa bosib olingan G‘arbiy Sohil shimolida isroillik ko‘chmanchilar tomonidan boshlangan va oqibatda falastinlik 4 kishi, isroillik 1 kishi halok bo‘lgan voqealar yuzasidan xavfsizlik yig‘ilishini o‘tkazishga qaror qildi.

Isroil Bosh vazirligi idorasi bayonotiga ko‘ra, yig‘ilishda G‘arbiy Sohil shimolidagi «Havat Gilad» nomli noqonuniy manzilgoh yaqinida yuz bergan hodisaga «beriladigan javob choralari» muhokama qilinadi.

Isroil kuchlari va Falastin yerlarini bosib olgan isroillik ko‘chmanchilar G‘arbiy Sohilning shimolidagi Tel shaharchasi yaqinida o‘t ochishi oqibatida falastinlik 4 kishi halok bo‘ldi, yana 4 nafari yaralandi. Yaradorlardan uch nafari og‘ir ahvolda ekani bildirildi.

Isroilning «Qizil Dovud yulduzi» tez tibbiy yordam xizmati esa hodisada yaralangan isroillik 4 kishidan biri vafot etgani, yana ikki nafari og‘ir ahvolda ekanini ma'lum qildi.

2023 - yilning oktabr oyida Isroilning G‘azo sektoriga qarshi uyushtirgan hujumlari boshlanganidan buyon bosib olingan G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda falastinliklarga nisbatan bosqinlar, hibsga olishlar va hujumlar sezilarli darajada kuchaydi.

Shu davr mobaynida Isroil armiyasi bilan Falastin yerlarini bosib olgan isroillik ko‘chmanchilar hamkorligida kuchaytirilgan zo‘ravonliklar oqibatida falastinlik 1 ming 182 kishi halok bo‘ldi, qariyb 13 ming nafari yaralandi, 24 ming nafarga yaqin kishi hibsga olindi va 33 ming nafarga yaqin falastinlik majburan o‘z yashash joyini tark etishga majbur bo‘ldi.