AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi yadroviy qurol qo‘llash ehtimolini rad etdi. Shu bilan birga, u Tehron ikki haftalik sulh davridan o‘z qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirish uchun foydalangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Payshanba kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp yadroviy zarba haqidagi savolga shunday javob berdi:
“Yo‘q. Nega men yadroviy qurol ishlatishim kerak? Biz Eronni busiz ham butunlay vayron qilib bo‘ldik. Umuman olganda, yadroviy qurolning qo‘llanilishiga hech qachon va hech kimga ruxsat berilmasligi lozim”.
Trampning fikricha, Eron ikki haftalik tanaffus vaqtida o‘z harbiy salohiyatini “biroz” tiklab olgan bo‘lishi mumkin, ammo AQSH buni qisqa fursatda yo‘q qilishga qodir. “Ularda na dengiz floti, na harbiy havo kuchlari va na havo hujumidan mudofaa tizimlari qoldi. Agar ular tanaffusdan foydalanib, nimanidir tiklagan bo‘lsa ham, biz buni bir kunda yo‘q qilamiz. Men shunchaki vaqtinchalik emas, abadiy to‘xtaydigan eng yaxshi bitimni xohlayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, 7-aprel kuni Tramp Eronni “butun bir sivilizatsiya bir kechada yo‘q bo‘lib ketishi” bilan tahdid qilgan edi, biroq bir necha soat o‘tgach, sulh tuzishga rozi bo‘lgan.
Hormuz bo‘g‘ozi va iqtisodiy bosim
Tramp AQSH Hormuz bo‘g‘ozi ustidan “to‘liq nazorat” o‘rnatganini va muzokaralar yakunlanmaguncha uni yopiq holda saqlashini bildirdi. “Maslahatchilarim bo‘g‘ozni ochishga rozi bo‘lishimizni so‘rashdi, lekin men rad etdim. Agar uni hozir ochsak, Eron kuniga 500 million dollar daromad ko‘ra boshlaydi. Masala to‘liq hal bo‘lmaguncha, ularning buncha pul ishlashini xohlamayman”, — dedi AQSH rahbari.
Yoqilg‘i narxi borasidagi savolga Tramp amerikaliklar vaqtinchalik yuqori narxlarga tayyor turishlari kerakligini aytdi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari global energiya bozorida narxlarning keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan.
Yadroviy arsenal masalasi
Trampning so‘zlariga ko‘ra, uning asosiy maqsadi — Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Eron hukumati esa atom bombasi ustida ishlayotganini doimiy ravishda inkor etib keladi. BMTning yadroviy nazorat organi ham urush boshlanishidan avval Tehron yadroviy qurol yaratishga yaqin emasligini ta’kidlagan edi.
Ma’lumot uchun, AQSH tarixdagi yadroviy qurol qo‘llagan yagona davlat hisoblanadi (1945-yilda Xirosima va Nagasakiga berilgan zarbalar natijasida 214 000 kishi halok bo‘lgan). Shuningdek, Isroilning ham yadroviy arsenalga ega ekani keng ma’lum bo‘lsa-da, Tel-Aviv buni rasman tan olmaydi.











