TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya va Singapur iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Turkiya va Singapur o‘rtasida Qo‘shma iqtisodiy va savdo qo‘mitasi — JETCO protokoli imzolandi. Istanbuldagi marosimda hujjatga Turkiya savdo vaziri O‘mer Bo’lat va Singapur barqaror rivojlanish, atrof-muhit va savdo vaziri Greys Fu imzo chekdi.
Turkiya va Singapur iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Türkiye ile Singapur arasında JETCO Protokolü imzalandı

Bo’lat protokol ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va sarmoya aloqalarini rivojlantirish hamda uchinchi davlatlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishini bildirdi. Hujjat Turkiya va Singapur o‘rtasida 2015-yil 14-noyabrda imzolangan Erkin savdo bitimining 11 yilligida qabul qilindi.

Tomonlar savdo, sarmoya, raqamli iqtisodiyot, yashil iqtisodiyotga o‘tish, energetika, logistika va moliya sohalarida vazirlar darajasida muntazam maslahatlashuvlar mexanizmini tashkil etdi. Ushbu mexanizm orqali kelishuvlar ijrosini kuzatish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini aniq loyihalarga aylantirish ko‘zda tutilmoqda.

Bolatning aytishicha, o‘zaro savdo hajmi 2025-yilda 1,1 milliard dollarga yetgan. Joriy yil yakunida esa bu ko‘rsatkich 1,3–1,4 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Singapur kompaniyalarining Turkiyadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalari jami 2,7 milliard dollarga yetgan bo‘lib, 2020-yildan buyon 90 foizga oshgan.

Vazir Singapurning Janubi-Sharqiy Osiyodagi muhim moliya, savdo va logistika markazi ekanini ta’kidladi. Turkiya esa Yevropa, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Afrika bozorlariga chiqish imkonini beruvchi kuchli ishlab chiqarish va eksport markazi sifatida hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratishini bildirdi.

Greys Fu Singapur kompaniyalari logistika, portlarni boshqarish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, energetika va moliyaviy xizmatlar sohalarida hamkorlikka qiziqayotganini aytdi. U qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishida Turkiya, Singapur va Janubi-Sharqiy Osiyoda katta ehtiyoj hamda sarmoya imkoniyatlari mavjudligini qayd etdi.

Tomonlar kelgusi yilgi JETCO yig‘ilishini ikki mamlakat ishbilarmonlarining keng ishtirokida o‘tkazish, uning doirasida biznes forumlari va davra suhbatlarini tashkil etishga kelishdi.