TURK DUNYOSI
2 daqiqa o'qish
Qirg‘iziston «VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari»ga tayyor
Qirg‘iziston, «VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari» tadbiri uchun dunyoning 90 dan ortiq mamlakati nomidan 4 ming sportchi va minglab mehmonni qabul qilish orqali butun dunyoni yana bir bor qadimiy ko'chmanchilar madaniyati bilan tanishtiradi.
Qirg‘iziston «VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari»ga tayyor
_

«Kuchda birlik, ruhda birlik» shiori ostida uyushtirilgan ushbu yirik etnofestival va sport musobaqasi bu yil 31 - avgustdan 6 - sentabrgacha Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadi.

Dunyo ko‘chmanchi xalqlarining etnik sport turlari va an’anaviy madaniyatini asrash, rivojlantirish hamda keng targ‘ib qilishni maqsad qilgan Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari 31 - avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da Bishkek Arena stadionida bo‘lib o‘tadigan ochilish marosimi bilan boshlanadi.

Tadbir davomida Qirg‘izistonning betakror tabiati, boy ko‘chmanchi madaniyati, mehmondo‘stligi, milliy taomlari hamda o‘yinlarining ramzi bo‘lgan «qor barsi» bilan bir qatorda, Prezident Sadir Japarov rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar ham dunyoga tanishtiriladi.

Dastlabki uchta o‘yin 2014, 2016 va 2018 - yillarda Qirg‘izistonda, keyingilari esa Turkiyaning Iznik shahrida va Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan edi. Bu yilgi musobaqalar yana o‘z vatani — Qirg‘izistonga qaytmoqda.

Ko‘chmanchi xalqlar madaniyati bilan yaqindan tanishish uchun muhim imkoniyat yaratadigan o‘yinlar doirasida mehmonlar turli mahorat darslarida ishtirok etishi, an’anaviy hunarmandchilik va ko‘chmanchi xalqlarning milliy taomlarini tatib ko‘rishi mumkin.

O‘yinlarni tashkil etish Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar kengashi zimmasiga yuklatilgan.

O‘yinlarning tantanali ochilish marosimi Qirg‘iziston mustaqilligining 35 - yilligi bayrami bilan bir vaqtda, 31 - avgust kuni kechqurun poytaxtdagi 51 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Bishkek Arena stadionida o‘tkaziladi.

Marosimda 1 - sentabr kuni Qirg‘iziston raisligida bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) davlat rahbarlari sammitida ishtirok etadigan davlat rahbarlari va delegatsiyalar qatnashishi kutilmoqda.

Madaniy dasturlar va rasmiy yopilish marosimlari esa o‘zining betakror tabiati bilan mashhur Issiq - ko‘l bo‘yidagi Cho‘lpon - ota shahri hamda Qirchin yaylovida tashkil etiladi.