“Oruch Reis” tadqiqot kemasi Pokistonda o‘z missiyasini boshlamoqda.
Turkiyaning “Oruch Reis” seysmik tadqiqot kemasi Somalidagi ilk qit’alararo missiyasidan so‘ng yangi vazifani bajarish uchun Pokistonga yetib bordi. Kema ikki alohida hududda ish olib borib, 670 kvadrat kilometr maydonda uch o‘lchovli, 2 353 kilometrlik hududda esa ikki o‘lchovli seysmik ma’lumotlarni to‘playdi.
Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat ichida hamda xorijda uglevodorod qidiruv ishlarini jadal davom ettirayotgan Turkiya xorijiy dengiz hududlarida neft-gaz izlash faoliyatini yanada kengaytirmoqda.
“Oruch Reis” seysmik tadqiqot kemasi Somalidagi birinchi qit’alararo missiyasini yakunlagach, navbatdagi xorijiy vazifaga kirishish arafasida turibdi. Mersinning Tashuju portidagi tayyorgarlik ishlari yakunlangach, 30-oktyabr kuni yo‘lga chiqqan kema ikkinchi xalqaro amaliyot o‘tkaziladigan Pokistonga yetib bordi.
Pokiston hududiy suvlaridagi ikki alohida nuqtada faoliyat yuritadigan “Oruch Reis” 670 kvadrat kilometr maydonda uch o‘lchovli, 2 353 kilometrlik masofada esa ikki o‘lchovli seysmik tadqiqotlar o‘tkazadi. Kema Pokistonga yetib borgani munosabati bilan ertaga ushbu mamlakatda Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayroqdor ishtirokida tantanali marosim o‘tkaziladi.
“Pokiston dengiz hududlarida uglevodorod qidiruv ishlarini boshlaymiz”
Bayonotda fikrlari keltirilgan vazir Alparslan Bayroqdor dunyoning 4-eng yirik chuqur dengiz burg‘ulash flotiga ega Turkiya to‘plagan boy tajribani do‘st va qardosh Pokiston bilan kuchlarni birlashtirgan holda yangi yutuqlarga aylantirishni maqsad qilganini ta’kidladi.
Kemaning yangi missiyasi doirasida seysmik ma’lumotlar yig‘ish amaliyoti bajarilishini qayd etgan Bayroqdor shunday dedi:
“Ushbu amaliyot orqali xalqimizning energetik mustaqillik yo‘lidagi qat’iy irodasini ifodalovchi kemamiz bilan davlatimiz qudrati va mahalliy muhandislik salohiyatimizni butun dunyoga yana bir bor namoyish etamiz. Turk muhandislarimiz tomonidan bunyod etilgan milliy g‘ururimiz — ‘Oruch Reis’ seysmik tadqiqot kemamiz ikkinchi qit’alararo vazifasi uchun Pokistonga yetib bordi. Shu kungacha ‘Moviy Vatan’da 23 ming kilometrlik, Somalida esa 4 464 kvadrat kilometrlik hududni o‘rganib, muhim ma’lumotlar to‘plagan ‘Oruch Reis’ bilan endi Pokiston dengiz maydonlarida uglevodorod qidiruv ishlarini boshlaymiz. Kemamiz mazkur missiya doirasida ikki hududda 2 va 3 o‘lchovli seysmik ma’lumotlarni yig‘ish amaliyotini bajaradi”.
“Marjan 3B” va “Makran 2B” loyihalari amalga oshiriladi
Amaliyot doirasida “Oruch Reis” dastlab Indus-C bloki deb ataladigan hududda “Marjan 3B” seysmik loyihasini amalga oshirib, Karachi qirg‘oqlari yaqinida jami 670 kvadrat kilometr maydonda uch o‘lchovli seysmik ma’lumotlarni to‘playdi. Tayyorgarlik va ma’lumot yig‘ish ishlari taxminan 50 kun ichida yakunlanishi kutilmoqda.
Birinchi bosqich ishlari tugagach, kema Karachi portiga qaytib, keyingi seysmik amaliyot uchun tayyorgarlik ko‘radi.
“Oruch Reis”ning Pokiston hududiy suvlaridagi ikkinchi manzili Makran bloklari deb nomlanuvchi maydon bo‘ladi. Kema “Makran 2B” seysmik loyihasi doirasida jami 2 353 kilometrlik hududda ikki o‘lchovli seysmik tadqiqot o‘tkazadi. Ushbu hududdagi ishlar jami 25 kun davom etishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Oruch Reis” Somalida 9 oy davom etgan ilk qit’alararo missiyasini muvaffaqiyatli yakunlagan edi. Kemaning Somalidagi uchta alohida dengiz blokida joylashgan jami 4 464 kvadrat kilometr maydonda to‘plagan uch o‘lchovli ma’lumotlari Turkiyaning xorijdagi ilk chuqur dengiz burg‘ulash ishlariga yo‘l ochib bergan.
2017-yilda turk muhandislari mehnati va mahalliy imkoniyatlar asosida qurilgan “Oruch Reis” kemasi tabiiy resurslarni qidirishdan tashqari, kontinental shelf va yer qobig‘ini o‘rganishda ham qo‘llaniladi. Dengiz ostida neft va tabiiy gaz izlash uchun maxsus loyihalashtirilgan kemaning uzunligi 87 metr, eni 23 metr, balandligi esa 34 metrni tashkil etadi.























