Transport va infratuzilma vaziri Abdulkodir Uralo‘g‘lu Turkiya kemasozlik zavodlarida ilk bor mahalliy dizayn asosida qurilgan, so‘ruvchi qurilmaga ega dengiz tubini tozalash kemasi UAB MAVİ VATAN suvga tushirilganini ma’lum qildi.
Turkiya kemasozlik zavodlari borasida birinchi o‘rinda
Vazir Uralo‘g‘lu UAB MAVİ VATAN kemasining qurilish jarayoniga oid bayonotida: «2025 - yilning 10 - aprelida yangi turdagi so‘ruvchi dengiz tubini tozalash kemamiz UAB MAVİ VATANning dastlabki blokini payvandlash ishlarini boshlagan edik. Mahalliy dizayn asosida Turkiya kemasozlik zavodlarida ilk bor so‘ruvchi xususiyatga ega dengiz tubini tozalash kemasini qurdik», — dedi.
85 metr uzunlik, 2 ming kub metr sig‘im
UAB MAVİ VATAN kemasining texnik xususiyatlari haqida ma’lumot bergan Uralo‘g‘lu: «Kemamizning uzunligi 85 metr, dengiz tubini tozalash chuqurligi 20 metr, sig‘imi esa 2 ming kub metrni tashkil etadi. Ayniqsa, qo‘ltiqlarimizdagi dengiz tubini tozalash va chuqurlashtirish ishlarini Vazirligimizga qarashli milliy kemamiz yordamida amalga oshira olamiz», — degan ifodalarga o‘rin berdi.
Harakatlanayotgan paytda ham ish olib boradi
Kemaning to‘liq avtomatlashtirilganiga e’tibor qaratgan Uralo‘g‘lu: «UAB MAVİ VATAN to‘liq avtomatlashtirilgan tizimi tufayli harakatlanayotgan paytda ham dengiz tubini tozalay oladi. Bir necha oylik sinov safarlaridan so‘ng kemani xizmatga topshiramiz», — deya ma’lum qildi.





















