TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya ShKTRga hamdardlik bildirdi
Girne/Tashuju yo‘nalishida qatnovchi yo‘lovchi kemasi Girne portidan 8 kilometr uzoqlikda halokatga uchradi.
Turkiya ShKTRga hamdardlik bildirdi
_

Tashqi Ishlar vazirligi Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (ShKTR)ning Girne portidan Mersindagi Tashuju portiga yo‘l olish uchun harakatlangan yo‘lovchi kemasining ag‘darilib ketishi oqibatida yuz bergan hodisada insonlarning halok bo‘lishidan chuqur qayg‘uda ekanini ma’lum qildi.

Vazirlik kemaning Girne sohillari yaqinida ag‘darilib ketishi bilan bog‘liq hodisa yuzasidan yozma bayonot berdi.

Bayonotda: “Bugun ShKTRning Girne portidan Mersin Tashuju portiga yo‘l olish uchun jo‘nab ketayotgan yo‘lovchi kemasining ag‘darilib ketishi oqibatida yuz bergan baxtsiz hodisada insonlar halok bo‘lganidan chuqur qayg‘udamiz. Halok bo‘lganlarga Allohdan rahmat tilaymiz, ularning yaqinlariga, xalqimizga va ShKTR xalqiga hamdardlik bildiramiz”, — deyiladi.

Bayonotda, ShKTR hukumati tomonidan olib borilayotgan jadal qidiruv - qutqaruv ishlariga Turkiya tomonidan to‘liq ko‘mak ko‘rsatilayotgani ta’kidlanib, Turkiyadan ikkita vertolyot, ikkita qayiq va bitta g‘avvoslar guruhi, shuningdek, Harbiy - dengiz kuchlari qo‘mondonligining ikkita kemasi qidiruv - qutqaruv ishlariga jalb etilgani qayd etildi.

Bayonotda, yanada ko‘proq insonlar halok bo‘lishining oldini olish va bedarak yo‘qolganlarni topish maqsadida olib borilayotgan ishlar ShKTR hukumati bilan yaqin muvofiqlashtirish va hamkorlikda davom etayotgani bildirildi.

Girne sohillari yaqinida ag‘darilib ketgan kema

ShKTRdagi Girne porti bilan Mersindagi Tashuju porti o‘rtasida qatnovchi “Filo Jet” nomli yuqori tezlikdagi yo‘lovchi kemasi tush paytida Girnedan jo‘nab ketganidan ko‘p o‘tmay, old qismidan suv ola boshlagan.

Kema Girne portiga qaytishga urinayotgan paytda ag‘darilib ketgan. Kemada 259 nafar yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a’zosi — jami 267 kishi bo‘lgan. Ulardan 241 nafari qutqarilgan, 8 kishi halok bo‘lgan.

18 kishini qidirish va qutqarish ishlari davom etmoqda.