Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qilib, unda, ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqadagi va dunyodagi oxirgi vaziyatlarni muhokama qildi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lumotga koʻra, 2026 - yil 11 - aprel kuni boʻlib oʻtgan suhbatda liderlar ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni atroflicha baholadilar. Bayonotda qayd etilishicha, Erdoʻgʻan, barcha sohalarda ayniqsa mudofaa sanoatida hamkorlikni rivojlantirish har ikki mamlakat uchun ham foydali boʻlishini ta’kidladi.
Erdoʻgʻan Eronga qarshi uyushtirilgan hujumlar bilan boshlangan jarayon global muhitga salbiy ta’sir koʻrsatganini bildirib, Turkiya va boshqa davlatlar tomonidan qoʻllab -quvvatlangan diplomatik sa’y - harakatlar sulhga erishishda muhim rol oʻynaganini qayd etdi.
Sulhni saqlab qolish muhimligini ta’kidlagan Erdoʻgʻan, ayniqsa, Livanga qaratilgan hujumlarda sulh jarayonini izdan chiqarishi mumkin boʻlgan har qanday urinishlarga yoʻl qoʻymaslik kerakligi ustidan ogohlantirdi.
Shuningdek, u Anqaraning mintaqada barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y - harakatlarga hissa qoʻshishda davom etishini bildirdi.
Prezident Erdoʻgʻan Gʻazo tinchlik rejasining ikkinchi bosqichini boshlash zarurligini alohida ta’kidlab, erishilgan ijobiy sur’atni davom ettirish yoki saqlab qolish muhimligini qayd etdi.
Suhbat davomida liderlar Hoʻrmuz boʻgʻozida suzish erkinligini xalqaro huquq asosida ta’minlash, Suriyadagi vaziyat, Kavkazda tinchlikni qoʻllab - quvvatlash hamda Ukraina va Rossiya oʻrtasida barqaror tinchlikka erishish uchun muzokaralarni qayta jonlantirish masalalarini ham muhokama qildilar.













