Falastinning Londondagi rasmiy idorasi, Buyuk Britaniya 2025 - yilning sentabr oyida Falastin Davlatini tan olishi ortidan rasman elchixonaga aylantirildi.
Rasmiy idoraning yangi nomi — Falastin Davlati elchixonasi bo‘lib, u 5 - yanvardan e’tiboran kuchga kirdi. Bu holat, ikki tomon o‘rtasida to‘liq diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi yo‘lidagi rasmiy qadam degan ma’noni anglatadi.
Bu qaror Avstraliya va Kanada kabi ayrim boshqa davlatlarning tan olish haqidagi qarorlaridan keyin qabul qilindi.
Falastinning Buyuk Britaniyadagi elchisi Husam Zomlot «X» (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmoq orqali mavzu haqida bergan bayonotida rasmiy idoraning elchixonaga aylantirilishini ingliz – falastin munosabatlarida burilish nuqtasi deb baholar ekan, bu holat «Falastin xalqining erkinlik va o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi uzoq safarida muhim bosqich» ekani qayd etildi.
Zomlot, shuningdek, «Britaniyaliklarning birdamligi bizni shu bosqichga olib kelishga yordam berdi va oldimizdagi uzoq yo‘lda ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi», - dedi.
Buyuk Britaniyaning Yaqin Sharq bo‘yicha vaziri Hamish Falkoner avvalroq bu qaror, ikki davlat asosidagi yechim yo‘lining hayotiyligini saqlab qolish va isroilliklar bilan falastinliklar uchun barqaror tinchlik muhiti yaratish maqsadini ko‘zlashini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Falkoner Londondagi elchixona ochilganini tasdiqlab, diplomatik aloqalarning rasmiylashtirilishini mamnuniyat bilan qarshi oldi. U, shuningdek, G‘azoda davom etayotgan insonparvarlik inqiroziga to‘xtalib, yordam yetkazish masalasida ayrim ijobiy siljishlar borligini qayd etdi.
Falkonerning so‘zlariga ko‘ra G‘azoga kirayotgan yuk tashuvchi mashinalar soni ortmoqda va bu quvonarli holat. Biroq asosiy o‘tish punktlari haligacha yopiq, karvonlar ortga qaytarilmoqda, tibbiy va boshpana materiallari to‘sib qo‘yilmoqda, nodavlat tashkilotlar faoliyati esa taqiqlanmoqda.
Elchixonaning maqomi Buyuk Britaniyaning Falastin rasmiylari bilan aloqalarni yangidan yo‘lga qo‘yish sa’y - harakatlarini aks ettirar ekan, G‘azodagi insonparvarlik ehtiyojlarini qondirish borasida davom etayotgan qiyinchiliklarni ham yaqqol namoyon etmoqda.




















