Isroil armiyasi G‘azo sektorida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini yana bir bor buzib, uch nafar falastinlik politsiya xodimini o‘ldirganini ma’lum qildi.
Armiya yakshanba kuni bergan bayonotida G‘azo Dengiz politsiyasi qo‘mondoni Mansur Sami Shahtut juma kuni G‘azoning markaziy qismidagi Mag‘oziy qochqinlar lageriga qarshi uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘lganini bildirdi.
Isroil armiyasi ayni hujumda yana ikki nafar politsiya xodimi ham o‘ldirilganini ma’lum qilib, ushbu uch shaxs G‘azodagi Isroil harbiy kuchlari uchun tahdid tug‘dirganini iddao qildi.
G‘azo Ichki Ishlar vazirligi halok bo‘lgan uch nafar politsiya xodimi munosabati bilan e’lon qilgan ta’ziya bayonotida mazkur hujum «Isroilning G‘azoda tartibsizlik va beqarorlikni yuzaga keltirishga bo‘lgan qat’iyatini» - aks ettirishini ta’kidladi.
Vazirlik xalqaro hamjamiyat va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining kafillarini yana bir bor Isroilning politsiya tuzilmasini nishonga olgan hujumlarini to‘xtatishga majbur etish uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi.
G‘azo Sog‘liqni Saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 2025 - yilning 10 - oktabrida kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari oqibatida kamida 1 ming 38 kishi halok bo‘lgan, 3 ming 329 kishi esa yaralangan.
Mazkur o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Isroilning 2023 - yilning 8 - oktabrida boshlagan va ikki yil davom etgan urushidan so‘ng kuchga kirgan edi.
Isroil hujumlari oqibatida 73 ming nafardan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 173 ming nafardan ziyod kishi yaralandi. G‘azodagi fuqarolik infratuzilmasining qariyb 90 foizi yer bilan yakson bo‘ldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hududni qayta tiklash xarajatlari taxminan 70 milliard AQSh dollarini tashkil etishini baholamoqda.













