Reuters axborot agentligiga intervyu bergan va masaladan xabardor bo‘lgan ikki manbaga ko‘ra AQShning maxsus vakillari Steve Witkoff bilan Jared Kushner shanba kuni (24.01.2026) Isroilda Binyamin Netanyaxu bilan uchrashib, asosan G‘azodagi vaziyatni muhokama qilgan.
Isroil Bosh vazirligi idorasi mazkur masala bo‘yicha izoh berish talabiga hozircha javob bermadi.
Isroilning Yedioth Ahronoth gazetasiga ko‘ra AQSh Markaziy kuchlar qo‘mondonligi (US Central Command – CENTCOM) qo‘mondoni Brad Cooper ham Isroilga kelgan. Gazeta Cooperning kun davomida bir necha necha oliy darajali xavfsizlik sohasi rasmiylari bilan uchrashishi kutilayotganiga e’tibor qaratdi.
Isroilning Kanal 12 telekanali xabariga ko‘ra ushbu tashrif AQShning mintaqadagi harbiy ishtirokini kuchaytirishi bilan birga, Tehron, AQShning harbiy hujum nishoniga aylanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaygan bir paytda amalga oshirilganini qayd etildi. Kanal 12 ma’lumotiga ko‘ra Cooper Isroil Bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir va Harbiy - havo kuchlari qo‘mondoni Tomer Bar bilan ham uchrashadi.
Isroil armiyasi payshanba kuni (22.01.2026) bergan bayonotida Tel - Avivdagi baholashlar AQShning Eronga qarshi harbiy hujum boshlashi ehtimolini ko‘rsatayotganini bildirib, barcha harbiy - havo kuchlari jangga tayyor holatga keltirilganini ma’lum qildi.
AQSh va uning ittifoqchisi Isroilning Tehronga nisbatan bosimi, Eronda dekabr oyining oxirlarida iqtisodiy va yashash sharoitlarining yomonlashuvi sabab boshlangan norozilik namoyishlaridan beri yana da avj oldi. Tehron rasmiylari esa Vashingtonni sanksiyalar, siyosiy bosim, beqarorlikni qo‘zg‘atish va tartibsizliklarni yoyish orqali harbiy aralashuv va rejimni almashtirish uchun bahona yaratishga urinayotganlikda aybladi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp payshanba kuni (22.01.2026) bergan bayonotida AQShning Eron tomon yo‘l olgan “yirik dengiz kuchlari” borligini ifoda etib ammo uni ishga tushirishga majbur qolmaslikdan umidvor ekanini bildirdi. Tramp, Tehronni, namoyishchilarning o‘ldirilishi yoki yadroviy dastur qayta yo‘lga qo‘yilishi masalalarida yana bir bor ogohlantirdi.
G‘azo
Boshqa tomondan, G‘azoni vaqtincha boshqarish uchun tuzilgan falastinlik o‘tish qo‘mitasi raisi Ali Shaath payshanba kuni (22.01.2026) bergan bayonotida, G‘azoga kirish va chiqishlarning deyarli barchasi uchun yagona darvoza bo‘lgan Rafoh chegara o‘tkazish punkti kelasi hafta ochilishini ma’lum qildi. Ushbu o‘tish punkti G‘azoda yashayotgan 2 million nafardan ortiq aholi uchun hayotiy ahamiyatga ega.
Biroq masaladan xabardor bo‘lgan uch manbaga ko‘ra Isroil Misr bilan chegaradagi ushbu o‘tish punkti orqali G‘azoga kiradigan falastinliklar sonini cheklashni va G‘azodan chiqadiganlar soni kiruvchilarga qaraganda ko‘proq bo‘lishini istamoqda. Bu talab o‘tish punkti ochilishi kutilayotgan jarayonda kun tartibiga olib chiqilgan.
Rafoh chegara o‘tkazish punkti Isroil bilan Xamas o‘rtasida oktabr oyida erishilgan sulh doirasida, Trampning urushni tugatishni ko‘zlagan rejasining birinchi bosqichida ochilishi rejalashtirilgan edi.
G‘azo Sog‘liqni Saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra 2023 - yilning 7 - oktabridan buyon Isroil tomonidan G‘azoda olib borilayotgan genotsidi oqibatida halok bo‘lganlar soni 71 ming 654 nafarga yetgan. O‘tgan 2025 - yilning oktabr oyidagi sulhdan beri esa 481 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Vashington oy boshida rejaning ikkinchi bosqichiga o‘tilganini e’lon qilgan va bu bosqich doirasida Isroilning G‘azodan yana da ko‘proq harbiy kuchlarni olib chiqishi kutilayotganini bildirgan edi.
Rafoh chegara o‘tkazish punktining G‘azo tomoni esa 2024- yildan buyon Isroil armiyasining harbiy nazorati ostidadir.















