Fikr
TURKIYA
3 daqiqa o'qish
TRT World Forum: Nimalar muhokama qilindi?
Hormuz bo‘g‘oziga muqobil yo‘llar, energiya xarajatlari va chegara muammolari: Istanbulda muhim muhokama...
TRT World Forum: Nimalar muhokama qilindi?
TRT World Forum 2026'da çatışmaların ekonomik etkileri ve yeniden inşa süreci ele alındı

Istanbul kongress markazida bu yil 10-bor «Markazsiz dunyo: Qoidalar o‘z kuchini yo‘qotganda kim yetakchilik qiladi?» mavzusida o‘tkazilgan TRT World Forum 2026 doirasida «Bog‘liqlikning yangi geosiyosati: Dengiz yo‘llari, bo‘g‘ozlar va koridorlar» nomli sessiya bo‘lib o‘tdi.

TRT World boshlovchisi Adnan Navaz moderatorligida o‘tgan panelda Saudiya Arabistoni Qirol Faysal tadqiqotlar va islomshunoslik markazi rahbari shahzoda Turki al-Faysal, Texas A&M universiteti professori, doktor Jan-Pol Rodrig, BMTning G‘arbiy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCWA) Iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslar barqarorligi klasteri Energetika bo‘limi rahbari Radiya Sedaui, Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (IRU) TIR va tranzit xizmatlari direktori Tatyana Rey-Belle hamda Turkiya Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik va tashqi siyosat kengashi a’zosi, professor, doktor Qilich Bug‘ra Kanat ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.

Qirol Faysal tadqiqotlar va islomshunoslik markazi rahbari shahzoda Faysal tadbirdagi nutqida Yaqin Sharqda davom etayotgan mojarolar mintaqaviy barqarorlik uchun jiddiy muammolar tug‘dirayotganini ta’kidladi.

Yaman, Livan, Suriya va Iroqdagi vaziyatga e’tibor qaratgan Faysal mintaqa duch kelayotgan muammolarni hal etishda diplomatik sa’y-harakatlarning muhimligini qayd etdi.

Harbiy aralashuvlar barqaror tinchlikni ta’minlashda muvaffaqiyat qozona olmaganini bildirgan Faysal mojarolarga barham berish uchun muloqot va diplomatiyaga ustuvorlik berish zarurligini aytdi.

Shuningdek, u Turkiya va Makka kelishuvi tomonlari ham mintaqaviy muammolarni diplomatik yo‘llar bilan hal qilish uchun harakat qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Energiya xarajatlari va ta’minot zanjiridagi xavflar

BMTning G‘arbiy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCWA) Iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslar barqarorligi klasteri Energetika bo‘limi rahbari Sedaui energiya xarajatlarining oshishi ta’minot zanjirlari va inflyatsiyaga ko‘rsatayotgan ta’siri haqida so‘zlab berdi.

Ayniqsa, Yaponiya va Janubiy Koreya yuqori energiya xarajatlaridan aziyat chekayotganini ta’kidlagan Sedaui bu holat mamlakatlarning ishlab chiqarish sektorlari va iqtisodiyotiga bosim o‘tkazayotganini bildirdi.

Xitoy esa 2008-yildan beri energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishga qaratilgan qadamlar tashlayotganini qayd etgan Sedaui Rossiya, Lotin Amerikasi va Afrika bilan yo‘lga qo‘yilgan ta’minot aloqalariga ishora qildi.

Sedaui barqaror energiya ta’minotini kafolatlash nuqtayi nazaridan energiya manbalari va yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish muhim ahamiyatga ega ekanini urg‘uladi.

Xalqaro tashuvlarda viza va chegaradan o‘tish muammolarni keltirib chiqarmoqda

Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (IRU) TIR va tranzit xizmatlari direktori Rey-Belle 79 davlat a’zo bo‘lgan TIR tizimi xalqaro tashuvlarda chegaradan o‘tishni soddalashtirishga qaratilganini ta’kidladi.

Avtomobil transportida haydovchilar viza rasmiylashtirish va chegara punktlaridan o‘tishda uzoq kutishlarga duch kelayotganini aytgan Rey-Belle haydovchilar uchun uzoq muddatli va ko‘p martalik vizalarni o‘z ichiga olgan tezlashtirilgan tartib-qoidalar joriy etilishi lozimligini bildirdi.

Rey-Belle haydovchilar chegara o‘tkazish punktlarida ba’zan haftalab kutishga majbur bo‘layotganini, shu sababli xalqaro tashuvlarni osonlashtiradigan umumiy tartibga solish mexanizmlari muhim ekanini alohida qayd etdi.

Hormuz bo‘g‘oziga muqobil yo‘nalishlarni izlash kuchaymoqda

Texas A&M universiteti professori, doktor Rodrig geosiyosiy jarayonlar global ta’minot zanjirlarini qayta shakllantirayotganini va kompaniyalarni muqobil tashish yo‘nalishlariga yo‘naltirayotganini ta’kidladi.

Dengiz tashuvlarida yo‘nalish tanlash mamlakatlarning geosiyosiy joylashuviga qarab o‘zgarishini qayd etgan Rodrig ayrim kompaniyalar yuklarni qayta ortish (tranzit) tashuvlariga, boshqalari esa avtomobil, temir yo‘l va quvur liniyalariga o‘tayotganiga e’tibor qaratdi.

Rodrig kelgusi yillarda Hormuz bo‘g‘ozidan foydalanmasdan yuk tashish imkonini beradigan quruqlik yo‘nalishlariga katta sarmoyalar kiritilishini kutayotganini ma’lum qildi.