SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Tramp Eronning yadro quroliga ega boʻlishiga qat’iyan yoʻl qoʻymasligini aytdi
AQSh Prezidenti Donald Tramp ayrim ommaviy axborot vositalarini tanqid qilib, ularni Vashingtonning Tehronga taklif qilgan kelishuvi mazmunini buzib koʻrsatishda aybladi.
Tramp Eronning yadro quroliga ega boʻlishiga qat’iyan yoʻl qoʻymasligini aytdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi Oq uyga qaytmoqda. / Reuters

AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron bilan taklif etilayotgan kelishuv Tehronning yadro quroliga ega boʻlishiga qat’iyan yoʻl qoʻymasligini maʼlum qildi. Shu bilan birga, u mazkur hujjat yadroviy masalalarni yetarlicha qamrab olmaydi, degan daʼvolarni qatʼiyan rad etdi.

Yakshanba kuni oʻzining "Truth Social" ijtimoiy tarmogʻida post qoldirgan Tramp boʻlajak bitimda "Eron yadro quroliga ega boʻlmaydi", deb aniq belgilab qoʻyilganini va kelishuv Eron yadro dasturiga oid keng qamrovli bandlarni oʻz ichiga olishini taʼkidladi.

Trampning ushbu izohlari "CNN" telekanalining xabariga javob oʻlaroq yangradi. Mazkur telekanal oʻz xabarida taklif etilayotgan kelishuv ramkasi yadro masalalarini yetarlicha qamrab olmaganini iddao qilgan edi.

Tramp bu talqinni inkor etib, shunday yozdi: "Hujjatda yadro dasturi bilan bogʻliq boshqa jihatlar juda qatʼiy va batafsil tarzda bayon etilgan. Aslida, shartnomaning asosiy qismi aynan shu masalalardan iborat". Oq uy rahbari, shuningdek, ayrim ommaviy axborot vositalarini tanqid qilib, ularni taklif etilayotgan kelishuv mazmunini ataylab buzib koʻrsatishda aybladi.

Tramp Tehron bilan tuzilajak har qanday kelishuv Eronning yadro qurolini ishlab chiqishi yoki uni qoʻlga kiritishini batamom cheklaydigan kafolatlarni oʻz ichiga olishi shartligini bir necha bor takrorlagan.

Eronning munosabat bildirish tezligi

"The New York Times" (NYT) nashrining xabar berishicha, urushga yakun yasaydigan bitimga erishish harakatlari doirasida Tramp Eronga qatʼiyroq shartlarni oʻz ichiga olgan tinchlik ramkasining qayta koʻrib chiqilgan variantini yuborgan.

Nashrning masaladan yaqindan xabardor uch nafar rasmiy manbaga tayanib shanba kuni xabar berishicha, Tramp shartnoma loyihasining ayrim bandlariga oʻzgartirish kiritib, uni koʻrib chiqish uchun Tehronga qaytargan. Biroq xabarda matndagi aniq oʻzgarishlar nimadan iborat ekanligi ochiqlanmagan.

Rasmiylarning bildirishicha xavotirlar, xususan, Eron aktivlarining muzlatilishini bekor qilishni koʻzda tutuvchi bandlar bilan bogʻliq. Ushbu masala Tramp tomonidan muqaddam sobiq prezident Barak Obama davrida (2015-yilda) imzolangan Eron yadro bitimi tanqid qilinganida ham bir necha bor tilga olingan edi.

Xabarda qoʻshimcha qilinishicha, Tramp AQSh takliflariga Eron tomonining munosabat bildirish (javob berish) tezligidan norozi boʻlgan. Mazkur muzokaralar uchinchi tomon vositachilari, jumladan, Pokiston rasmiylari orqali olib borilmoqda.