Turkiya Milliy Mudofaa Vazirligi bayonotiga ko‘ra, Erondan uchirilgan, Iroq va Suriya havo hududidan o‘tib Turkiya havo hududiga yo‘nalgan ballistik o‘q-doriga Sharqiy O‘rta yer dengizida joylashgan NATO havo va raketaga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan o‘z vaqtida zarba berilgan.
Hatayga tushgan parcha havo mudofaa raketasiga tegishli
Tahdid havoda yo‘q qilingach, Hatay viloyatining Dortyol tumaniga tushgan parcha haqida ma’lumot berilgan bayonotda shunday deyiladi:
“Hatay viloyati Dortyol tumaniga tushgan o‘q-dori parchasi, mazkur tahdid havoda yo‘q qilingandan so‘ng uni to‘xtatish uchun qo‘llangan havo mudofaa raketasiga tegishli ekani aniqlangan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlar yo‘q.”
“Tahdid qayerdan kelishidan qat’i nazar, javob beriladi”
Bayonotda Turkiyaning mintaqaviy barqarorlik va tinchlik tarafdori ekani ta’kidlanib, mamlakat va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasidagi iroda va salohiyat eng yuqori darajada ekani qayd etildi.
Shuningdek, unda quyidagilar aytildi:
“Kimdan va qayerdan kelishidan qat’i nazar, hududimiz va fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlashga qodirmiz. Havo hududimizni himoya qilishga doir barcha choralar qat’iyat va ikkilanmasdan ko‘riladi. Mamlakatimizga nisbatan har qanday dushmanona harakatga javob berish huquqimiz saqlanib qoladi.”
Mintaqaviy mojaro haqida ogohlantirish
Bayonotda barcha tomonlar mojarolarning kengayishiga olib keladigan qadamlardan tiyilishga chaqirildi hamda bu borada NATO va boshqa ittifoqchilar bilan maslahatlashuvlar davom ettirilishi bildirildi.
Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot qildi.
Diplomatik manbalarga ko‘ra, vazir Hakan Fidan suhbat davomida Erondan uchirilgach Turkiya havo hududiga yo‘nalgan va zararsizlantirilgan ballistik o‘q-dori masalasida Turkiyaning munosabatini yetkazgan.
Mintaqadagi keskinlikka e’tibor qaratgan Hakan Fidan, mojarolarning kengayishiga sabab bo‘ladigan har qanday qadamlardan saqlanish zarurligini ta’kidladi.












