Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida yakshanba kuni o‘zaro uyushtirilgan insonsiz havo transportlari (IHT) hujumlarida tinch aholi vakillari halok bo‘ldi, infratuzilma obyektlariga ziyon yetdi.
Hujumlar Rossiyada uch kun davom etgan parlament saylovlarining so‘nggi kunida ham davom etgan bir paytda, Ukraina Kiyev va Xerson viloyatlarida insonlar halok bo‘lgan hujumlar sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Rossiya rasmiylari tunda Moskva va uning atrofini nishonga olgan keng ko‘lamli Ukraina insonsiz havo transportlari (IHT) hujumida ikki kishi halok bo‘lgani, 20 kishi yaralanganini bildirdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa tun davomida Rossiya hududi, bosib olingan Qrim va Qora dengiz ustida 1 ming 110 ta Ukraina insonsiz havo transporti (IHT) aniqlanib, yo‘q qilinganini iddao etdi. Davlat axborot agentligi TASS ushbu hujum yil boshidan beri amalga oshirilgan eng yirik hujum ekanini xabar qildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumlarni tasdiqlab, “Uzoq masofali javob zarbalarimiz kecha tunda Moskva viloyatida juda muhim ta’sir ko‘rsatdi”, - dedi.
Zelenskiy hujumlarda Rossiyaning urush salohiyatini moliyalashtirayotgan milliardlab dollarlik mablag‘ manbalari nishonga olinganini ta’kidladi. Shuningdek, Voronej viloyatidagi bir obyekt ham zarbaga uchraganini bildirdi.
Rossiyaning Kiyev viloyatiga qarshi uyushtirgan hujumida 4 kishi halok bo‘ldi
Ukraina rasmiylari Rossiyaning tunda Kiyev viloyatiga qarshi uyushtirgan hujumlarida to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ulardan uch nafarining yosh bola ekani aniqlandi.
Favqulodda vaziyatlar xizmatiga ko‘ra Rossiyaning insonsiz havo transportlaridan (IHT) biri xususiy uyga kelib urilishi oqibatida bir ona va uning uch yoshli ikki farzandi halok bo‘lgan.
Kiyev viloyati gubernatori Timur Tkachenko boshqa hududda uyushtirilgan insonsiz havo transporti (IHT) hujumida yaralangan qiz bolaning ham shifoxonada vafot etganini bildirdi.
Tkachenko viloyat bir sutkadan ortiq vaqt davomida hujum ostida qolgani va beshta tumandagi 31 ta nuqtada ziyon yetganini ifoda etdi.
Xersondagi monastirga qarshi uyushtirilgan hujumda din xizmatchisi halok bo‘ldi
Zelenskiy Rossiyaga tegishli insonsiz havo transportlari (IHT) Xerson viloyatidagi monastirga zarba bergani, hujumda bir din xizmatchisi halok bo‘lgani va to‘rt kishi yaralanganini ma’lum qildi.
Hujum shanba kuni sodir bo‘lganini bildirgan Zelenskiy halok bo‘lgan va yaralanganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Zelenskiy Rossiya joriy hafta davomida Ukrainaga 2 mingdan ortiq hujumchi insonsiz havo transporti (IHT), 1 ming 700 ta boshqariladigan aviabomba va turli tipdagi 19 ta raketa uchirgani, hujumlar oqibatida harbiy bo‘lmagan infratuzilmaga ziyon yetganini ifoda etdi.





















