DUNYO
3 daqiqa o'qish
Gretsiya G‘arbiy Frakiya turklarining maktablarini yopdi
Gretsiyadagi G‘arbiy Frakiya turk ozchiligi o‘quvchilar sonining kamligi sabab qilib ko‘rsatilib, ozchilik maktablarining yopilishi bolalarning ona tilida ta’lim olishiga va jamiyatning madaniy qadriyatlarini kelgusi avlodlarga yetkazishga salbiy ta’
Gretsiya G‘arbiy Frakiya turklarining maktablarini yopdi
Yunoniston Gʻarbiy Frakiya turklarining maktablarini yopishda davom etmoqda.

G‘arbiy Frakiya turk ozchiligi maslahat kengashi raisi va Iskechening saylangan muftiysi Mustafa Trampa 2026–2027-o‘quv yilida Rodopda 5 ta, Iskecheda 2 ta va Merichda 1 ta — jami 8 ta turk ozchilik boshlang‘ich maktabining faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Bu chora vaqtinchalik deb ta’riflansa-da, maktablar amalda yopilganini ta’kidlagan Trampa mazkur amaliyotni G‘arbiy Frakiya turk jamoasining imkoniyatlarini cheklovchi aralashuv sifatida baholadi.

Mustafa Trampa ozchilik ta’limi Lozanna shartnomasi, ikki tomonlama bitimlar va xalqaro huquqqa asoslangan alohida maqomga ega ekanini ta’kidlab, maktablarning yopilishi ushbu maqomga zid ekanini bildirdi.

“Turk tilimizni saqlamoqchi bo‘lsak, maktablarimizni ham saqlashimiz kerak”

Ozchilik maktablari jamoaning tili, dini va madaniy qadriyatlarini asrashda asosiy o‘rin tutishini bildirgan Trampa turk va yunon tillarida ta’lim beriladigan ushbu muassasalarning mavjudligi kelgusi avlodlar uchun muhimligini qayd etdi.

Trampa jamoaning hikoyalari, an’analari va diniy qadriyatlari til orqali avloddan avlodga o‘tishini ta’kidlab: “Endi biz bu tilni, turk tilimizni saqlamoqchi bo‘lsak, maktablarimizni ham saqlashimiz kerak”, dedi.

Ota-onalarning farzandlarini ozchilik maktablariga yuborishi ushbu muassasalar faoliyatini davom ettirishga hissa qo‘shishini ta’kidlagan Trampa bu, ayni paytda, G‘arbiy Frakiyadagi musulmon turk jamoasining o‘zligi va madaniy davomiyligini saqlash demak ekanini qayd etdi.

Mustafa Trampa o‘quvchilar sonining kamayishi maktablarni yopishga asos qilib olinishini tanqid qilib, Istanbul va Go’kcheadadagi yunon ozchilik maktablarida o‘quvchilar kam bo‘lsa ham, ularning faoliyatini davom ettirishi uchun Turkiya sa’y-harakat qilayotganini aytdi.

Gretsiyadan ham shunday yondashuv kutishayotganini bildirgan Trampa ozchilik maktablarini saqlab qolish mintaqaning madaniy boyligini asrashga hissa qo‘shishini ta’kidladi.

“Maktablarning yopilishi bolalar va oilalarga ham ta’sir qilmoqda”

Trampa qishloqlardagi ozchilik maktablarining yopilishi oqibatida boshlang‘ich maktab yoshidagi bolalar boshqa aholi punktlariga borishga majbur bo‘layotgani, bu esa bolalar va ularning oilalariga iqtisodiy hamda ruhiy yuk bo‘layotganini tushuntirdi.

Ayniqsa, qish sharoitida yosh bolalarni bir qishloqdan boshqasiga tashish qiyinligini ta’kidlagan Trampa maktabning yopilishi qishloq hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirdi.

“Bir qishloqda maktabning yopilishi o‘sha qishloqdagi madaniy muhitning yo‘qolishi demakdir. Ta’lim muhitining yo‘qolishi demakdir”, dedi Trampa.

Masala faqat transport yoki iqtisodiy yuk bilan cheklanmasligini ta’kidlagan Trampa ozchilikning ta’lim olish huquqi himoya qilinishi kerakligini bildirdi.

Afinaga muloqot va alohida maqomga hurmat ko‘rsatish chaqirig‘i

Iskeche ozchilik o‘rta maktabi va litseyi boshqaruv hay’ati raisi O’zan Ahmeto’g‘lu ham so‘nggi yillarda, ayniqsa, turk ozchilik boshlang‘ich maktablari soni keskin kamayganini aytdi.

Gretsiya bo‘ylab o‘quvchilar soni muayyan darajadan kamaygan maktablar yopilib, o‘quvchilar yaqin aholi punktlaridagi maktablarga yo‘naltirilayotganini tushuntirgan Ahmeto’g‘lu ozchilik maktablarining alohida va muxtor maqomi hisobga olinmasdan, ularga ham xuddi shu tartib qo‘llanayotganini tanqid qildi.

Ahmeto’g‘lu, avvalo, Lozanna shartnomasi, shuningdek, xalqaro va ikki tomonlama bitimlar bilan belgilangan ushbu maqom ozchilik maktablariga alohida himoya ta’minlashi kerakligini bildirdi.

Muammoga umumiy va maqbul yechim topish uchun Gretsiya Ta’lim vazirligi ozchilik jamoasi va ta’lim muassasalari bilan maslahatlashuvlar olib borishi kerakligini qayd etgan Ahmeto’g‘lu: “Afsuski, bunday muloqot va maslahatlashuv muhiti yo‘qligini ko‘ryapmiz”, dedi.

Ahmeto’g‘lu ozchilik boshlang‘ich va o‘rta maktablari hamda litseylarida ta’lim sifatini oshirish uchun 30 yildan buyon qilinayotgan chaqiriqlar ham javobsiz qolganini aytdi.

U bu yondashuv jamoa va ota-onalarda ozchilik maktablarini birin-ketin yopib, obro‘sizlantirish va vaqt o‘tishi bilan butunlay yo‘q qilish istagi borligi haqidagi fikrni shakllantirayotganini bildirib, Afina o‘z munosabatini o‘zgartirishi kerakligini ta’kidladi.

“Bu — qo‘lga kiritgan huquqimiz va undan foydalanmoqchimiz”

Ahmeto’g‘lu ozchilik bolalari o‘z maktablarida turk va yunon tillarida ta’lim olish huquqiga ega ekanini ta’kidlab: “Bu — qo‘lga kiritgan huquqimiz va undan foydalanmoqchimiz”, dedi.

Bolalar ham o‘z tili va madaniyatini, ham Gretsiyaning rasmiy tili bo‘lgan yunon tilini yaxshi o‘rganishini istashlarini bildirgan Ahmeto’g‘lu shunday dedi:

“Biz ozchilik maktabini shunchaki maktab deb bilmaymiz. Uni madaniy davomiylikni, o‘zlik va mansublik tuyg‘usini ham saqlab turadigan juda muhim muassasa deb bilamiz. Ushbu istagimiz, talabimiz va kutishlarimiz Gretsiya davlati tomonidan qabul qilinishini, ularga hurmat ko‘rsatilishini istaymiz, kutamiz va talab qilamiz”.