Tayvan Prezidenti Lay Ching-te juma kuni dunyoda chip ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan orol davlatida, “suveren sun’iy intellekt” tashabbuslari doirasida kuchli superkompyuter bilan jihozlangan yangi bulutli hisoblash markazining ochilish marosimini o‘tkazdi.
Hukumat janubdagi Tainan shahrida joylashgan ushbu yangi bulut inshooti sun’iy intellektni rivojlantirish sa’y-harakatlarida muhim harakatlantiruvchi kuch, shuningdek yuqori unumli hisoblash, telekommunikatsiya, bulut xizmatlari va raqamli kontent sohalarida innovatsiya markaziga aylanishini istamoqda.
Lay Tayvan telekanallari orqali jonli efirda namoyish etilgan nutqida, ushbu markaz Tayvanning yirik apparat ishlab chiqaruvchisidan “suveren sun’iy intellekt”ni rivojlantiruvchi “sun’iy intellekt oroli”ga aylanishini ifodalashini aytdi.
Quvvati 15 megavatt bo‘lgan inshoot Tayvanning eng yirik va eng yangi superkompyuteri — “Nano 4” superkompyuteriga mezbonlik qilmoqda. Tayvan Milliy fan va texnologiyalar kengashi ma’lumotiga ko‘ra, majmua 1 760 ta Nvidia H200 chipi va 144 ta Blackwell chipi bilan jihozlangan.
AQShda joylashgan chip dizayneri Nvidianing asosiy chip yetkazib beruvchisi bo‘lgan tayvanlik TSMC (Taiwan Semiconductor Manufacturing Company) kompaniyasi dunyodagi eng yirik shartnoma asosida chip ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Ushbu kompaniya, shuningdek, Tayvan iqtisodiyotining tayanch ustunlaridan biri sanaladi.
Lay,
“Bu majmua Tayvanning nafaqat ilg‘or chip ishlab chiqarish salohiyatiga ega ekanini, balki tizim integratsiyasi va yuqori unumli hisoblash sohalarida ham jahon darajasidagi kuchga ega ekanini butun dunyoga isbotlaydi,” dedi.
Mazkur inshoot iyul oyida e’lon qilingan, orolning sun’iy intellekt salohiyatini mustahkamlashdagi rolini oshirish hamda “aqlli texnologiyalar oroli”ni barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni jadallashtirishni ko‘zda tutuvchi “O‘n yirik sun’iy intellekt infratuzilma loyihasi” tashabbusining bir qismi hisoblanadi.










