G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
BMT Isroilning G‘azodagi sa'y - harakatlarini baholadi
BMT Isroilning G‘azodagi sa'y - harakatlarini «genotsid» va «etnik tozalash» sifatida baholadi.
BMT Isroilning G‘azodagi sa'y - harakatlarini baholadi
_

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil tomonidna G‘azoda uyushtirilgan “genotsid” harakatlarini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishni talab qilar ekan, Falastin hududlari va bosib olingan G‘arbiy Sohilda “etnik tozalash” alomatlarini qoraladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi dushanba kuni (18.05.2026) e’lon qilgan yangi hisobotida, Isroilning 2023 - yil oktabrida urush boshlanganidan buyon G‘azodagi harakatlari xalqaro huquqning jiddiy buzilishlarini o‘z ichiga olgani va ko‘plab hollarda urush jinoyatlari hamda boshqa og‘ir jinoyatlar toifasiga kirishini bildirdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Turk, hisobotda Isroilni Xalqaro sudning 2024 - yildagi qaroriga amal qilib, G‘azoda genotsid harakatlarining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqirdi.

Jamoaviy jazolash

Qamal ostidagi Falastin hududidagi Sog‘liqni Saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi hujumlari oqibatida 72 ming nafardan ortiq inson halok bo‘lgan. vazirlik ma’lumotlari BMT tomonidan ishonchli deb hisoblanadi.

Hisobotda ushbu o‘limlarning yirik qismi noqonuniy ko‘rinishi qayd etildi.

Isroilning Sog‘liqni Saqlash va tibbiy muassasalar kabi harbiy bo‘lmagan yoki himoya ostidagi obyektlarni, shuningdek jurnalistlar, harbiy bo‘lmagan mudofaa xodimlari, tibbiy xodimlar, insonparvarlik yordam yetkazib berish xodimlari va politsiya vakillari kabi tinch aholini muntazam va takroriy ravishda nishonga olgani ta’kidlandi.

Hisobotda, Isroilning G‘azodagi siyosati, hududning yirik qismidagi yashash sharoitlarini falastinliklarning xalq sifatidagi o‘rniga mos kelmaydigan holatga olib kelgani haqida ogohlantirildi.

G‘arbiy Sohilda keraksiz va nomutanosib kuch ishlatilishi yuzlab noqonuniy o‘limlarga sabab bo‘lgani qayd etilgan hisobotda, Isroil armiyasi va boshqa xavfsizlik kuchlari ham G‘azoda, ham G‘arbiy Sohilda ommaviy majburiy ko‘chirishlarga sabab bo‘lgani bildirildi.

Hisobotda G‘azoning yirik qismlarining ataylab va noqonuniy ravishda vayron qilinishi hamda G‘arbiy Sohil shimolidagi qochqinlar lagerlarining katta qismi bo‘shatilib buzib tashlangani falastinliklarning o‘z uylaridan haydalishiga olib kelgani va Isroil bu ko‘chirishlarni doimiy holga keltirishni maqsad qilganiga oid kuchli belgilar borligi qayd etildi.

BMTga ko‘ra, Isroilning bosib olingan Falastin hududlaridagi takroriy qonunbuzarliklari falastinliklarga nisbatan jamoaviy jazolash, majburiy ko‘chirish, bosib olingan Falastin hududlarining katta qismlarini bo‘shatish va etnik tozalash siyosati mavjudligidan dalolat beradi.

Hisobotda Isroil rasmiylarining falastinliklarni bir guruh sifatida nishonga oluvchi qo‘zg‘atuvchi, tahqirlovchi va insoniylikdan mahrum qiluvchi bayonotlari ham javobgarliksiz davom etayotgani ta’kidlandi.

BMT Inson huquqlari boshqarmasi hisobotda sanab o‘tilgan barcha qonunbuzarliklar uchun ishonchli va xolis sud organlari orqali javobgarlikni ta’minlash zarurligini urg‘uladi.

Boshqarma bu jarayonda barcha tegishli dalillar to‘planishi, saqlanishi va tergov qilinishi kerakligini bildirdi.