Isroil parlamenti — Knesset, ikki bahsli qonun loyihasini ilgari surdi: biri falastinlik mahbuslarga o‘lim jazosini joriy etishni, ikkinchisi esa hukumatga xorijiy OAVlarni sud qarorisiz doimiy ravishda yopish vakolatini beradi.
Har ikkala tashabbus ham Binyamin Netanyaxu bilan ittifoqdagi o‘ta o‘ngchi siyosatchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Qonun loyihalari Knessetda birinchi o‘qishda ma’qullanib, yakuniy tasdiqdan oldin qo‘mitalarda muhokama qilish uchun yuborildi.
Birinchi loyiha, Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir yetakchilik qilayotgan "Yahudiy kuchi" (Otzma Yehudit) partiyasi tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, “nafrat yoki Isroilga zarar yetkazish maqsadida” isroilliklarni o‘ldirishda ayblangan falastinlik mahbuslarga o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat beradi.
Qonun loyihasi 120 deputatdan 39 nafari “ha”, 16 nafari “yo‘q” degan ovoz bilan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Ekstremistik vazir Ben-Gvir natijani X (sobiq Twitter) orqali “tarixiy lahza” deb atadi va partiyasi “va’dasini bajardi”, deya g‘ururlandi.
Inson huquqlari tashkilotlari bu tashabbusni keskin qoralab, u ayniqsa falastinliklarni nishonga olayotganini va okkupatsiya ostidagi hududlarda Isroilning tizimli kamsituvchi siyosatini yanada kuchaytirishini ta’kidladi.
Majlis davomida arab deputati Ayman Odeh bilan Ben-Gvir o‘rtasida jiddiy bahs chiqdi — ular deyarli jismoniy to‘qnashuv darajasiga yetdi. Bu esa Knessetdagi taranglikning kuchayganini ko‘rsatdi.
Agar qonun qabul qilinsa, Isroilda 1962 yilda natsist jinoyatchi Adolf Eyxmannning qatl etilishidan beri ilk marta o‘lim jazosi qo‘llanadi.
OAV erkinligiga cheklovlar
O‘sha kuni deputatlar, hukumatga “Isroil xavfsizligiga zarar yetkazayotgani” deb topilgan xorijiy OAVlarni vaqtincha yopish imkonini beruvchi “Al Jazeera qonuni”ni doimiylashtiruvchi yangi loyihani ham ilgari surdilar.
Likud partiyasi deputati Ariel Kallner tomonidan taqdim etilgan bu yangi tartib, sud nazoratini bekor qiladi va hatto tinchlik davrida ham OAVni yopishga imkon beradi. Qonun loyihasi oldindan o‘qishda 50 ovoz “ha”, 41 ovoz “yo‘q” bilan qabul qilindi.
Aloqa vaziri Shlomo Karhi, Knessetni loyihani tezda tasdiqlashga chaqirib, “vaqtinchalik chora muddati tugaganini” bildirdi.
Huquqshunoslar esa bu qadam matbuot erkinligini cheklashi va konstitutsion tamoyillarni buzishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Asl qonun 2024-yil aprel oyida Netanyaxu hukumati Gazzadagi genotsid darajasidagi urush haqidagi efirlarni bahona qilib, Al Jazeeraning Isroildagi ofisini yopish buyrug‘ini chiqarganidan so‘ng kuchga kirgan edi.
Tanqidchilar fikricha, har ikkala qonun loyihasi ham falastinliklarga qarshi davom etayotgan harbiy hujumlar va ommaviy hibslar fonida Isroil hukumatining avtoritar moyilligini yanada oshirayotganini ko‘rsatmoqda.












